Jahon | 21:46 / 01.11.2020
4486
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya ikkinchi lokdaundan 19,3 milliard yevro yo‘qotishi mumkin

Germaniyada pandemiya sababli takroran kiritiladigan qa'iy cheklovlar oqibatida mamlakat iqtisodiyoti 19,3 mlrd yevro yo‘qotishi mumkin. 

Foto: EPA-EFE

Berlindagi Iqtisodiy tadqiqotlar instituti (DIW) hisob-kitoblariga ko‘ra, restoran va mehmonxona biznesi qolgan sohalarga nisbatan kuchliroq jabr ko‘radi. Ushbu sohalarning yo‘qotishlari 5,8 mlrd yevroga baholanmoqda. Bu yo‘qotishlar ushbu sohalarning choraklik daromadining 55 foizga yaqinini tashkil qiladi. Keyingi o‘rinni mamlakat sanoati egallab, uning yo‘qotishlari 5,2 mlrd dollarga baholangan.      

Shuningdek, madaniyat, ko‘ngilochish va sport sohalari 2,1 mlrd yevro, savdo sohasi 1,3 mlrd yevro yo‘qotadi. Logistik kompaniyalar, kinoteatrlar va korporativ xizmatlar ko‘rsatuvchi kompaniyalarning umumiy yo‘qotishlari 4,9 mlrd dollarga baholangan.  

Shu bilan birga, cheklovlarning ikkinchi to‘lqini mamlakat mehnat bozoriga katta ta'sir ko‘rsatmasligi prognoz qilinmoqda. Yil oxirigacha ishsizlar soni 100 mingga ko‘payadi. Bahordagi cheklovlar vaqtida 630 mingdan ko‘proq nemis ishini yo‘qotgandi.

DIW prezidenti Marsel Fratssherning ta'kidlashicha, ekspertlar Germaniya yalpi ichki mahsuloti 2021 yilda sezilarli o‘sishini kutishmoqda. Biroq bu koronavirus epidemiyasining ikkinchi to‘lqinini yaqin vaqt ichida to‘xtatishga muvaffaq bo‘linsagina yuz beradi. 

Avvalroq Germaniya kansleri Angela Merkel mamlakatda qat'iy karantin va yangi cheklovlar kiritilishini e'lon qilgandi. 2 noyabrdan Germaniyada umumiy ovqatlanish shoxobchalari, barcha ko‘ngilochar maskanlar va tashkilotlar, go‘zallik salonlari, massaj xonalari yopiladi.  

Mehmonxonalarga sayyohlarni qabul qilish taqiqlanadi. Do‘konlar cheklovlar bilan ishlashda davom etadi, ta'lim muassasalari ham ochiq qoladi. Shuningdek, 10 kishidan ko‘proq bo‘lib yig‘ilish taqiqlanadi. 

Mavzuga oid