Nobel sovrindorlarining tajribasidan O‘zbekistonda foydalanish haqidagi xabar jamoatchilikda qiziqish uyg‘otdi. Negaki, 2019 yili Abxijit Benarji va uning turmush o‘rtog‘i Ester Dyuflo kambag‘allikni qisqartirish borasida qo‘llagan eksperimentlari uchun Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgandi. O‘zbekistonda kambag‘allikka qarshi kurashda ularning tajribasi qanchalik qo‘l keladi? Mamlakatda kambag‘allikka qarshi kurashish ishlari qanday davom etyapti? Ushbu savollarga Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov javob berdi.

1977 yilda Termiz shahrida tug‘ilgan Obid Hakimov dastlab Toshkent Moliya instituti, so‘ngra 2000-06 yillarda AQShning Vanderbilt va Middl Tennessi universitetlarida tahsil olgan. Shu paytga qadar u Toshkentdagi Vestminster xalqaro universiteti, Davlat boshqaruv akademiyasi hamda Prezident Adminstratsiyasida mehnat faoliyatini olib borgan.

Kambag‘allik nima?

— Ko‘pgina mamlakatlarda kambag‘allik absolyut o‘lchovlar orqali o‘lchanadi. Masalan, bitta odam ma'lum miqdordan kam daromad yoki kam iste'mol qilayotgan bo‘lsa, shu odam kambag‘al hisoblanadi. Butun dunyoda odam o‘zining minimal funksiyalarini bajarish uchun kerak bo‘ladigan kilokaloriyani(kkal) olish uchun iste'mol qilinadigan oziq-ovqat miqdori tushuniladi. BMT 1800 kkaldan past oziq-ovqat iste'mol qilayotgan odamlar haqiqiy kambag‘al hisoblanishini ta'kidlaydi. Kambag‘allikning nisbiy o‘lchamlarida ko‘p rivojlangan mamlakatlarda to‘yib ovqat yemaslik muammolari yo‘q. Ularda barcha aholining olayotgan daromadi taqsimotida eng past 20 foiz daromadli aholi kambag‘al sanaladi. Yana bir o‘lcham minimal iste'mol savatchasi bo‘lib, bu yerda faqat oziq-ovqat emas, xizmatlar, nooziq-ovqat mahsulotlar, minimal xizmatlar kabilar qo‘shiladi. Mamlakatlar o‘zlaridagi kambag‘allik darajasini mana shunday turli o‘lchamlar bilan aniqlab, so‘ngra aholi darajasini ko‘tarish bo‘yicha o‘z siyosatlarini amalga oshirishadi. 

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov

Aytib o‘tilgan omillardan O‘zbekistonda qaysi biriga ko‘p ahamiyat berilyapti?