Jahon | 19:54 / 04.11.2020
5092
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon AQShdagi saylovlar bilan bog‘liq vaziyatga aralashmaslikka va'da berdi

Pentagon AQSh prezidenti saylovlarida biror-bir rol o‘ynamaydi. Saylovlardagi barcha bahsli masalalar sudlar va kongress tomonidan hal qilinmog‘i lozim. Bu haqda AQSh telekanali boshlovchilari bilan shaxsiy suhbatda AQSh qurolli kuchlari shtablari boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi general Mark Milli ma'lum qilgan.

Foto: REUTERS

“AQSh qurolli kuchlari hokimiyatning tinch topshirilishida hech qanday rol o‘ynamaydi”, deb aytgan Milli videoanjumanda.

Ta'kidlanishicha, ushbu suhbat mazmuni o‘zaro kelishuvga ko‘ra e'lon qilinishi kerak emas edi.

Millining ABC, CBS, NBC, CNN va Fox telekanallari boshlovchilari bilan suhbati 31 oktyabrda bo‘lib o‘tgan, biroq u haqida hozir ma'lum bo‘lgan. Axios nashri manbalariga ko‘ra, general suhbat vaqtida Pentagon prezident saylovlariga aralashishi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad etmoqchi bo‘lgan.      

Generalning ta'kidlashicha, harbiylar siyosatga aralashmaydilar. Qonunga ko‘ra, barcha bahslarni harbiylar emas, balki sudlar va AQSh kongressi hal qilishi lozim. Milli harbiylar saylovlardagi bahsli masalalarni hal qilmasliklari yoki prezidentni Oq uydan chiqarish bo‘yicha biror-bir qaror qabul qilmasliklarini aytgan. 

Generalning bu so‘zlari prezident lavozimiga nomzod Jo Baydenning yaqinda aytgan bayonotidan keyin yangragan. Bayden Donald Tramp saylovlarda yutqazgandan keyin prezident lavozimidan ketishni istamasa, harbiylar uni “Oq uydan tashqariga chiqarib qo‘yishlariga mutlaq ishonchi komilligini” aytgan edi.

Milli bilan suhbatda AQSh qurolli kuchlarining kiberqo‘mondonlik rahbari Pol Nakasone va Milliy gvardiya rahbari Deniyel Xokanson ham ishtirok etgan. Ular harbiylarning saylovlarni kiberhujumlardan himoyalash bo‘yicha amalga oshirgan sa'y-harakatlari haqida gapirib o‘tishgan. Harbiylarning ta'kidlashicha, xorijliklar saylovlarga ta'sir ko‘rsatishga harakat qilishgan, biroq buning uddasidan chiqa olishmagan. 

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid