22:56 / 05.11.2020
40572

Mashinalarga ksenon fara qo‘yish mumkinmi?

Avtomobillarning tashqi ko‘rinishiga o‘zgartirish kiritish mumkin emasligini yaxshi bilamiz. Oynalarga deymizmi, faralargami va yo kuzovga – tegishli ruxsat bilan amalga oshiriladigan, ayrimlariga umuman ruxsat berilmaydigan ish bu.

So‘nggi paytlarda yorituvchi chiroqlarni ksenon chiroqlarga – qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yo‘l harakati ishtirokchilariga noqulaylik tug‘diradigan o‘ta yorug‘ chiroqlarga almashtirib olayotganlar ko‘payyapti. Bu harakatning boshqa ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirishi barobarida, yo‘l-transport hodisalarini ham keltirib chiqaradi.

Inspektorlar tomonidan negadir aynan shu qoidabuzarlikka e'tibor kamdek tuyuladi. Bu qoidabuzarlikni aniqlash ham oson emas: kunning faqat qorong‘i qismida aniqlash mumkin, harakatdagi avtomobilning ortidan quvish kerak bo‘ladi, aqalli uning raqamini yozib olish lozim va umuman, bir qator noqulayligi bor jarayon. Bu haqdagi savolga IIV YHXBB boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda javob berdi.

«Bu qoidabuzarlikka ma'muriy javobgarlik bor. Transport vositalariga boshqa yoritish moslamalari o‘rnatish mumkin emas. Ha, texnik ko‘rikdan o‘tgach, yoritish moslamalarini ksenon va yoki boshqa kuchli yoritgichlarga almashtirib olayotganlar bor. Bunday qoidabuzarliklar tun paytida sodir etiladi. Tungi naryadlarimiz bu holatlarga chek qo‘yishadi. Statistikaga e'tibor bersak, yil boshidan beri shu kunga qadar 11 mingdan ortiq transport vositalari egalariga nisbatan choralar ko‘rilganini aytish lozim. Qiyin jihati buni faqat tundagina aniqlash mumkin», dedi Erali Bozorov.

Bobur Akmalov

Top