O‘zbekiston | 21:20 / 06.11.2020
3585
2 daqiqa o‘qiladi

Hududlarda o‘z xususiyati va kasalliklar tarkibiga qarab davolash muassasalari tashkil etiladi

Hududlarning o‘z xususiyati, kasalliklarning tarkibiga qarab ilg‘or xorijiy klinikalar filiallari tashkil etiladi. Bunda bo‘sh turgan kollej va litseylar binolaridan foydalaniladi.  

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘zi raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda har bir hudud o‘z xususiyatlari, kasalliklarning tarkibiga qarab, aniq kasalliklar bo‘yicha xususiy sektorni jalb qilgan holda davolash muassasalarini tashkil etishi zarurligi haqida gapirgan.

«Misol uchun, respublika bo‘yicha har yuz ming kishiga Farg‘ona va Sirdaryoda nafas a'zolari, Qashqadaryo endokrin, Toshkent shahrida oshqozon-ichak, Andijonda yurak-qon tomir, Qoraqalpog‘iston va Xorazm buyrak kasalliklari eng ko‘p qayd etilgan.

Shuning uchun Qoraqalpog‘iston va Xorazmda – buyrak, Andijon – kardiologiya, Buxoro va Navoiyda – oshqozon-ichak, Jizzax va Sirdaryoda – nafas yo‘llari, Qashqadaryo va Farg‘onada – endokrin, Samarqandda – gepotologiya, Namangan va Surxondaryoda – asab va qon aylanishi tizimi, Toshkent viloyatida – oftalmologiya, Toshkent shahrida – onkologiya kasalliklari bo‘yicha ilg‘or xorijiy klinikalar filiallarini tashkil etishimiz kerak», degan davlat rahbari.

Kun.uz muxbiri xabar berishicha, prezident bu borada bo‘sh turgan kollej va litseylarning binolaridan foydalanish kerakligini aytgan.

Ta'kidlanishicha, har bir viloyat hokimi kelgusi yil 1 iyunga qadar o‘z hududida tashkil etilgan ixtisoslashgan xorijiy klinikalar faoliyati bo‘yicha prezidentga axborot beradi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid