O‘zbekiston | 16:29 / 07.11.2020
48656
7 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht nega qimmat? - Qamashi mol bozoridagi holat sabab emas, oqibat bilan kurashilayotganini ko‘rsatmoqda

So‘nggi vaqtlarda go‘sht narxi ko‘tarilib ketishi, aholining keragidan ortiq yoki kam go‘sht iste'mol qilayotgani bilan bog‘liq masalalar tez-tez tilga ko‘chadigan bo‘ldi.

Kun.uz sayti muxbirlari Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi mol bozorida bo‘lib, qoramol dehqonning qo‘lidan qanchaga sotib olinayotgani va qassob undan qancha foyda ko‘rayotgani bilan qiziqdi.

Molbozorning yozilmagan qoidalari bo‘ladi. Ko‘pchilik tan oladigan, savdoning past-u balandini yaxshi tushunadigan insonlarga quloq solishadi. Ular dehqonning moli kamsitilishigayam yo‘l qo‘yishmaydi, insofsizlarcha narx qo‘yilishigayam toqat qilishmaydi. Qattiq-qattiq tanbeh bersayam ulardan birov ranjimaydi. Narxni bozorning o‘zi belgilaydi, deganda mana shunday mezonlarga tayaniladi.

Yo‘ldosh ota Bozorov ko‘p yillardan beri dallollik qiladi. Uning aytishicha, ayni vaqtda bozorning o‘zida qoramolning bir kilogramm go‘shti tirik vaznda 55 ming so‘mdan baholanmoqda.

«Kimgadir mol olib bersam, ikki tomondan ham 10 ming so‘mdan haq olaman. Ammo kimningdir molini sotib berib, evaziga 100 ming so‘m oladigan dallollar ham bor», — deydi Yo‘ldosh ota.

U gapning lo‘ndasini aytdi-qo‘ydi. «Qassobni ham, dehqonni ham qiynayotgan muammo bitta ­– qoramolning ozuqasi. Yem esa qo‘ldan qo‘lga o‘tib, ko‘tarilib ketyapti», deydi u.

Shodmon Qo‘ldoshev o‘zi tayyorlab bozorga olib chiqqan ho‘kizini arzon baholashayotganidan ranjidi. U sotuvga chiqargan moli besh oyda sakkiz yuz kilogramm yem yeganini aytmoqda.

«Shunday bo‘lishiga qaramay, ho‘kizimni oriq deyishyapti. Endi o‘ylang, bir kilogramm yemni 3200-3500 so‘mgacha sotib olganman», — dedi u. 

Shodmon aka aytganidek, sakkiz yuz kilogramm kunjara 2 million 700 ming so‘mdan oshadi. Vaholanki, ho‘kiz faqat kunjara emas, xas-xashak ham yeyishi kerak. Qariyb bir tonnaga yaqin yem yeb ham «tayyor bo‘lmagan» ho‘kizni arzon bergisi yo‘q.

Ko‘z oldimizda bir ho‘kizga baraka berildi. Uni Nayman polvon dehqonning qo‘lidan sotib oldi. Nayman akaning aytishicha, sotib olgan molini go‘sht narxiga hisoblamagan. Ma'lum bo‘lishicha, biroz ozg‘in yoki yosh mollar bozorda go‘shtning asl narxida olinmaydi. Bir muddat boqiladi, yemlanadi va bozorga qayta olib chiqiladi. Shundagina mol sotib foyda ko‘rish mumkin. Nayman aka ham sotib olgan ho‘kizchasini olti oydan bir yilgacha yemlab, bozorga olib chiqishini bildirdi.

Bobomurod Xidirov Qamashi dehqon bozorida o‘ttiz yildan beri qassoblik qiladi.

«Olgan molimni kamida uch-to‘rt oy yemlab, keyin so‘yaman. Bozordan olishim ham tirik vaznda 54-55 ming so‘mga tushyapti. Bitta molning ustiga 7-8 foiz qo‘yib, go‘sht sotamiz. O‘rtacha 350-400 ming so‘m foyda ko‘raman. Solig‘ini to‘laymiz, mehnatini qilamiz», — dedi u.

Qassob ham yem qimmatligini go‘sht narxi ko‘tarilib ketayotganiga sabab sifatida ko‘rsatdi. «Qaniydi, istagan odam birja narxida yem sotib ololsa. Yem qo‘ldan qo‘lga o‘tishi natijasida narxi ko‘tarilib ketyapti. Bu esa go‘sht narxiga ham ta'sir qilyapti», dedi Bobomurod qassob.

Qo‘y narxlari bilan ham qiziqdik.

Laziz Rustamov bozorga uchta qo‘chqor olib chiqibdi. Uchalasini 15 million so‘mga sotish niyati borligini bildirdi. Bir yil arpa berib, yemlabdi. Kuniga bittasi olti kilodan arpa yeyotgan ekan. Arpaning narxi hozirgi vaqtda 2500-2800 so‘mni tashkil qilmoqda. Laziz aka uchta qo‘chqorni 12 million so‘mga bermadi. Qassob bu qo‘ylarning har biri 80-85 kilogrammdan go‘sht qilishini aytdi. Shunga qaraganda, dehqon qo‘ylarini qassobga tirik vazn holatida kilogrammini 50 ming so‘mdan bermayotganiga guvoh bo‘ldik.

Qo‘y oluvchilar ham dehqonni insofsizlikda ayblamayapti. Chunki bir kilogramm arpaning narxi 2500 so‘m bo‘lsa, qo‘ylar kuniga olti kilo arpa yeyishi kerak. Olti oy yemlangan taqdirda ham bitta qo‘yga qariyb 500 ming so‘mlik arpa berilishi lozim. Vaholanki, Laziz Rustamov qo‘ylarini bir yil davomida yemlaganini aytmoqda.

Qamashi bozoriga Andijon viloyatidan kelib qo‘y olib ketayotgan qassoblarni ham uchratdik. Paxtaobodlik Qahhorjon Sobirov 30 bosh qo‘y sotib olibdi. Aytishicha, Andijonga olib borib kilosini 62 ming so‘mdan sotadi.

Bozorda mol-qo‘yning narxi bilan qiziqar ekanmiz, hammaning «dardi» bir bo‘ldi: dehqon dallolni, dallol qassobni ayblamadi. Yem va qoramolning yem-xashagi qimmatligi go‘sht narxi balandlab ketayotganiga sabab bo‘layotganini aytishdi. Yemni to‘g‘ridan to‘g‘ri birja narxida sotib olishning imkoniyati bo‘lmayotganini mahsulot qo‘ldan qo‘lga o‘tib, narx «osmonlab» ketayotganiga bog‘lashdi.

Yem-xashak savdogarlarini ham suhbatga tortdik. Ilhom Chorshanbiyev bir kilogramm kunjaraning ustiga 100-150 so‘m qo‘yib, 3500 so‘mdan sotayotganini aytdi. Unga yemni Denov tumanidan olib kelib berishayotgan ekan. Shrot ham 3500 so‘mdan sotilmoqda.

Shuningdek, 18-20 kilogrammlik quruq bedaning bir bog‘i 15 ming so‘mdan, quruq somon 10-12 ming so‘mdan sotilyapti. Toylangan quruq beda yoki somon yemlanayotgan ho‘kizga ikki kunga yetadi, xolos. Yem sotayotganlar kilosiga 50-100 so‘mgacha, quruq xashak sotayotganlar bog‘iga 500-1000 so‘mgacha narx qo‘ymoqda. Bitta ho‘kiz yoki qo‘chqorning tayyor bo‘lishi uchun uch oydan bir yilgacha yem berilishi kerak bo‘ladi.

Gapning indallosi. Bozorni kuzatar ekanmiz, biz sabab emas, oqibat bilan kurashayotganimiz ayon bo‘ldi. Qassobga «go‘shtni arzon qil» deyishdan avval uning bozordan arzon mol olishini ta'minlashimiz lozim. Molni arzon sot, deyishga esa haqqimiz yo‘q. Mol egasiniki, u qiynalib boqqan, shunga monand narxlayapti. Molning ozuqasi arzon bo‘lishi lozim. Bu borada aniq yechim izlanib, tizimli ishlanmas ekan, go‘shtning narxini tushirish haqidagi gaplar havoda qolaveradi.

Isomiddin PO‘LATOV, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi: Faxriddin HOTAMOV

Mavzuga oid