Toshkentdagi yirik bozorlar norasmiy rahbarining kirdikorlari ma'lum qilindi
Toshkentdagi bozorlarga o‘ziga yaqin shaxslarni lavozimga o‘tkazib, bozorlarning norasmiy rahbari bo‘lgan shaxs haqida ma'lumot berildi.
7 noyabr kuni Bosh prokuratura binosida tashkil etilgan korrupsiya masalalariga oid idoralararo yig‘ilishda bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev joylardagi bozorlar faoliyatini tanqid qildi.
«Poytaxtdagi «Yangiobod ixtisoslashgan bozori» direktori I. qator korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etishda ayblanib, tergov o‘tkazilmoqda. U muqaddam savdo va bozor sohalarida ishlab, bir necha marotaba sudlangan, so‘nggi bor «Sergeli dehqon bozori» direktori lavozimida ishlaganda sodir etgan suiiste'molchiliklari va talon-torojliklar uchun 2016 yilda sud hukmi bilan jazolangan. I. 2019 yil fevral oyida yana «Sergeli dehqon bozori» direktori lavozimiga tayinlanib, o‘sha yilning aprel oyidan esa «Yangiobod ixtisoslashgan bozori» direktorligiga o‘tgan.
Bu bozorda ham «eski hunarini» davom ettirgan I. bozorga shaxsiy mulki sifatida qarab, tushumlarni va bozor mulkini talon-toroj qilish bilan shug‘ullanib kelgan», — dedi bosh prokuror.
Ta'kidlanishicha, g‘arazli maqsadlarini amalga oshirish uchun I. atrofiga o‘ziga xayrixoh shaxslarni to‘plab, qisqa muddatda 2,7 milliard so‘mlik tushum pullarini o‘marganligi, 919 million so‘m soliqdan bo‘yin tovlaganligi, bozorda 124ta noqonuniy qurilmalar qurdirganligi aniqlangan.
«Talon-toroj qilgan pullardan qariyb 740 million so‘mini legallashtirgan, jumladan, 340 million so‘mga 5 xonali kvartira, 200 million so‘mga «Trailbleyzer» avtomashinasini sotib olgan. Bunday talon-torojlik oqibatida bozor o‘ta ayanchli holatga kelib qolgan», — dedi Yo‘ldoshev.
Bosh prokurorning ma'lum qilishicha, I. «Sergeli dehqon bozori», «Farhod dehqon bozori», «Aviasozlar dehqon bozori»ga o‘ziga yaqin shaxslarni lavozimga o‘tkazishga erishib, ushbu bozorlarga ham o‘zi norasmiy rahbarlik qilgan.
Kun.uz 2018 yilda Toshkentdagi bozorlarning rahbarlari yoppasiga hibsga olinganini haqida xabar bergandi. O‘shanda Toshkentdagi yirik bozorlarning rahbarlari rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish ishi bo‘yicha qo‘lga olingani ma'lum qilingandi.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
19:01 / 11.11.2024
O‘zbekiston va Saudiya bosh prokurorlari tergov va axborot almashinuvida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzoladi
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024