O‘zbekiston | 09:55 / 07.11.2020
3658
3 daqiqa o‘qiladi

Ukraina oziq-ovqat mahsulotlari O‘zbekistonga birja orqali import qilinadi

Joriy yil 4 noyabr kuni Ukraina Tashqi ishlar vazirligi, Ukrainaning O‘zbekistondagi hamda O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonalari bilan hamkorlikda Ukrainaning Milliy shakar, yog‘, bug‘doy va un ishlab chiqaruvchilar uyushmasiga a'zo korxonalar bilan videoanjuman o‘tkazildi.
 
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad shakar, o‘simlik yog‘i, bug‘doy va un mahsulotlarini birja mexanizmlaridan foydalangan holda import qilish orqali mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlashdan iboratdir.

Videoanjumanda Ukrainaning 16ta yirik uyushma va ishlab chiqaruvchilari («Mukomoly Ukrainy» ittifoqi, Ukraina shakar ishlab chiqaruvchilari uyushmasi, «Ukrainskiy natsionalnyy produkt» MChJ, «Femeli Treyd Grupp» MChJ, «Anesta» MChJ, «Zernari» MChJ, «TReYD-VV» MChJ va boshqalar) hamda Ukrainaning davlat oziq-ovqat va bug‘doy korporatsiyasi, “Trastbank” XAB vakillari, birja xodimlari, brokerlar ishtirok etishdi.


Ta'kidlanganidek, O‘zbekiston va Ukraina tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda bozor mexanizmlardan keng foydalanish ikki mamlakat o‘rtasida tashqi savdo aylanmasini jadal sur'atlari bilan o‘sishiga xizmat qiladi.
 
Shu maqsadda, tadbir ishtirokchilari uchun birja faoliyati bo‘yicha taqdimotlar o‘tkazildi. Taqdimotlarda birjada tashqi savdo operatsiyalarni amalga oshirish tartibi, o‘zaro hisob-kitoblar va tuzilgan bitimlarning bajarilishini kafolatlash mexanizmlari batafsil tushuntirildi. 
 
Shuningdek, un, yog‘, shakar va bug‘doy mahsulotlarini O‘zbekistonga eksport qilishda xorijiy kompaniyalar (norezidentlar) uchun birjada yaratilgan qo‘shimcha qulayliklar to‘g‘risida ma'lumotlar berildi. Ushbu korxonalar uchun birjada akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi soddalashtirilganligi va ular birjaning komission yig‘imlaridan ozod qilinganligi aytib o‘tildi.


 
Tadbir ishtirokchilari birja faoliyatiga qiziqish bildirib, o‘zaro manfaatli hamkorlik yuzasidan aniq takliflari bilan chiqishdi. Xususan, “Orjitskiy saxarnyy zavod” MChJ (Poltava, Ukraina) vakillari shakar mahsulotini birja savdolari orqali O‘zbekistonga eksport qilish taklifini berishdi. Mazkur taklif birja tomonidan to‘la qo‘llab-quvvatlandi va uni videoanjumandan so‘ng tezkor amaliyotda tatbiq etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
 
Videoanjuman yakunida muhokama qilinayotgan mavzular doirasida fikr almashildi hamda Ukraina oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
 
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabrida O‘zbekiston Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash yuzasidan bir qator vazifalar belgilangan edi.

Жамшид Рузибаев
Tayyorlagan Жамшид Рузибаев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid