Jahon | 13:00 / 08.11.2020
12611
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston parlamenti oldidagi panjaralar olib tashlandi

Qirg‘izistonda hokimiyat almashgach, muvaqqat prezident Sadir Japarov tashabbusi bilan parlament atrofini o‘rab turgan panjaralar olib tashlandi. Bu chora qirg‘iz deputatlarining xalqqa yaqinroq bo‘lishiga xizmat qilishi aytilmoqda.

O‘tgan hafta qirg‘iz parlamenti spikeri etib saylangan Talant Mamitovning so‘zlariga ko‘ra, panjaralarni olib tashlash tashabbusi muvaqqat prezident Sadir Japarovdan chiqqan.

«Biz xalqqa yaqinroq bo‘lishimiz va uning manfaatlariga xizmat qilishimiz darkor», – degan Mamitov.

Bishkek shahri meri vazifasini bajaruvchi Balbak Tulobayevning aytishicha, panjaralar o‘rnatilgan sement asos (fundament) xavfsizlik maqsadlarida saqlab qolinadi. «Banogoh mashina o‘tib ketmasligi uchun», deya izohladi u.

Merning qo‘shimcha qilishicha, endilikda fuqarolar bevosita parlament binosining oldigacha borib sayr qilishlari mumkin.

Kaktus.media nashri shu munosabat bilan ayrim davlatlar parlamentlariga nazar tashlab, ulardan qaysilari panjara bilan to‘silgani, qaysilarida bunday himoya elementi yo‘qligiga e'tibor qaratdi.

Ma'lum bo‘lishicha, AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Gruziya va Tojikiston qonun chiqaruvchi hokimiyatlarining bosh binosi panjara bilan to‘silmagan. O‘zbekiston va Armaniston parlamentlarida ushbu to‘siqlar saqlanib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil oxirida O‘zbekiston Oliy Majlisi oldidagi panjaralarni olib tashlash mavzusi ko‘tarilgan edi. Parlament saylovlari arafasida mamlakatdagi beshala partiya raisi Oliy Majlis atrofidagi panjaralarni olib tashlash taklifi bilan chiqqandi. Ammo shunday buyon bu masalada yangilik bo‘lganicha yo‘q.

Mavzuga oid