O‘zbekiston | 17:39 / 10.11.2020
6810
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Qirg‘iziston xalqining barqaror rivojlanish yo‘lidagi intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi – Shavkat Mirziyoyev

10 noyabr kuni Rossiya raisligida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a'zo davlatlar rahbarlari kengashining majlisi videoanjuman shaklida o‘tkazildi. Ushbu uchrashuv kun tartibidan yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida ShHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ushbu yig‘ilishda so‘z olgan prezident Shavkat Mirziyoyev uchrashuvni tashkil etgani uchun Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinga samimiy minnatdorchilik yo‘llagan, Rossiyaning ShHTdagi raisligi pandemiya keltirib chiqargan barcha qiyinchiliklarga qaramay g‘oyat samarali bo‘lganini alohida ta'kidlagan.

Shuningdek, O‘zbekiston Qirg‘izistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi ma'lum qilindi.

«Hurmatli Sadir Nurxojoyevich Japarovni sammitimizda ko‘rib turganimdan mamnunman.

O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘iziston xalqining tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi», degan prezident.

  • Qirg‘izistonda oktabr oyi boshida o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin boshlangan namoyishlar mamlakatda hukumat almashinuviga olib keldi. 15 oktabr kuni So‘ronbay Jeenbekov Qirg‘iziston prezidentligi lavozimidan iste'fo berdi. 16 oktabr kuni parlament majlisida Qonunchilik kengashi spikeri Kanat Isayev davlat rahbarining vazifalarini vaqtincha bajarishni rad etgach, bosh vazir Sadir Japarov prezident vazifasini bajaruvchiga aylandi.
  • 2021 yilning 10 yanvar kuni Qirg‘izistonda muddatidan oldingi prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid