15:43 / 11.11.2020
22221

Sobiq harbiydan O‘zbekiston fuqarolik pasporti nega olib qo‘yilgan?

«O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishini ko‘pchilik intiqlik bilan kutgandi. Shu qatori, O‘tkir Qandahorov ham buni kutgandi, ammo vaqt o‘tib unga yangi tahrirdagi qonunda belgilangan tartib bo‘yicha fuqarolikni olish imkoniyati baribir qiyinchiliklarsiz kechmasligi ayon bo‘ldi.

Shu yilning 28 fevral kuni Senat tomonidan ma'qullangan «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida» yangi tahrirdagi qonun fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun orziqib kutilgan imkoniyatni taqdim etdi.

Qonunning 6 moddasiga («Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish») ko‘ra, 1995 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.

Shunga qaramay, ayrim fuqaroligi bo‘lmagan va O‘zbekistonda uzoq yillardan beri istiqomat qilayotgan shaxslar o‘z fuqaroligi tan olinishi masalasida muammolarga duch kelmoqda. Bu ularning 1995 yil 1 yanvargacha O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tib, yashaganini isbotlovchi hujjatni taqdim eta olmaslik bilan bog‘liq bo‘lib, bunga ko‘proq harbiy xizmatchilar, Qurolli kuchlar safida mehnat qilgan shaxslar duch kelishmoqda.

Kun.uz bilan suhbatlashgan O‘tkir Qandahorovga ko‘ra, u 1989 yili tahsil olish maqsadida sobiq Leninobod viloyatidan O‘zbekistonga (Toshkent shahriga) keladi.

O‘tkir Qandahorov

«Geologiya-razvedka ishlari bo‘yicha mutaxassisligi uchun 1994 yilgacha universitet yotoqxonasida yashab, o‘qidim. Oliy ta'limni tamomlab, o‘z arizam bilan O‘zbekiston Qurolli kuchlari safida xizmat qilish uchun harbiylar safiga qabul qilindim. 1998 yilgacha harbiy ofitserning shaxsiy guvohnomasi bilan yurdim, Qoraqalpog‘istonda xizmat qildim. Harbiy hayotni tugatib, 1998 yildan keyin geologiya sohasida davlat korxonalarida ishlay boshladim. Avval Navoiy viloyatida, keyin Olmaliq shahrida ish boshladim. Shu orada (1998 yil – tahr.) O‘zbekiston fuqarolik pasporti berilgandi. Ammo 2011 yilda biometrik pasportga o‘tish jarayonida fuqarolik pasportim olib qo‘yildi», — dedi u.

O‘zbekiston Respublikasining eski tahrirdagi «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida» qonuni talabi bilan 1992 yilga qadar O‘zbekistonda doimiy yashagan shaxslarga muayyan shartlar asosida fuqarolik pasporti berilishi bitilgandi. Qandahorov esa shu vaqtda Toshkentda doimiy propiskadan o‘tmay, talabalar yotoqxonasida vaqtincha ro‘yxatga qo‘yilgani vaji bilan unga berilgan fuqarolik pasporti olib qo‘yilgan.

«Juda ko‘p surishtiruv va o‘rganishlardan so‘ng, menga fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomi berildi va shunga muvofiq hujjat taqdim etildi. Oradan yillar o‘tib, «O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirda qabul qilinishini eshitib xursand bo‘ldim. Negaki, qonunga binoan 1995 yilga qadar O‘zbekistonda doimiy ro‘yxatdan o‘tib, yashab kelgan shaxslar fuqaroligi avtomatik tan olinishi yozilgandi. Qonun kuchga kirdi va IIBga murojaat qildim. Shunda ham muammo paydo bo‘ldi», — deya qo‘shimcha qildi O‘tkir Qandahorov.

Uning aytishicha, endilikda 1994 yili Qurolli kuchlar safiga kirib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh tumanida joylashgan 8-harbiy qismda yashaganini, xususan o‘sha yerda doimiy propiska qilinganini isbotlash kerak.

«Afsuski, o‘sha davrda propiska degan narsaga e'tibor kuchli bo‘lmagan. Harbiylar shaharchasida istiqomat qilgan harbiy xizmatchilarning propiska ma'lumotlari mahalliy IIBga taqdim etilmagan. Bu ma'lumot Mudofaa vazirligida bormi, yo‘qmi bilmayman. Harbiy qismga xat yubordim, hozircha javob yo‘q», — deydi u.

Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Ruslan Karimov fuqaro Qandahorov bilan ushbu masala yuzasidan fikr almashdi. Uning aytishicha, qonun talabi bo‘yicha 1995-yilgacha O‘zbekistonda doimiy yashaganini isbotlovchi hujjat zarur. Buni Mudofaa vazirligi arxiv hujjatlaridan qidirish kerak. Karimov va Qandahorov uchrashuvidan so‘ng, tomonlar Mudofaa vazirligiga so‘rov yuborishga kelishdi.

«O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilingan sanaga muvofiq, O‘zbekistonda jami 95 857 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar istiqomat qiladi, ushbu ko‘rsatkich Markaziy Osiyodagi jami fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning 78,5 foizini tashkil etadi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Aziz Ikromovga ko‘ra, O‘zbekistonda yashayotgan fuqaroligi yo‘q shaxslarning asosiy qismini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida mamlakatda uzoq vaqtdan beri yashab kelgan, biroq O‘zbekiston fuqaroligini olmagan yurtdoshlarimiz muammosini qonunga muvofiq hal etish yuzasidan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar ko‘rish zarurligini ta'kidlagan edi.

O‘ylaymizki, 1995 yilga qadar O‘zbekistonga kirib kelib, doimiy propiskaga ega bo‘lgan shaxslar, xususan harbiy xizmatchi va boshqa soha vakillarini qiynab kelayotgan muammo idoralararo ma'lumot almashinuvi orqali zudlik bilan hal etiladi. Aks holda, minglab shaxslar kutgan yangilik o‘z ahamiyatiga ega bo‘lmaydi.

Alisher Ro‘zioxunov
Tasvirchi va montaj ustasi – Otaxon Yusupov

Mavzuga oid
Top