«Onam o‘z hayoti bilan yashaydi, biz bilan ishi yo‘q...»
Insonga berilgan ne'matlardan eng totlisi, shubhasiz, farzand. Ammo afsuski, ota-onalar har doim ham bu ne'mat qadrini va uning mas'uliyatini to‘la anglab yetaverishmaydi. Aynan tarbiyada yo‘l qo‘yilgan xatolardan, oiladagi nosog‘lom muhitdan bola aziyat chekadi va ular ko‘p hollarda bunga xuddi o‘zlari sababchidek «xulqi og‘ir bolalar» deya ataladi.
Tarbiyasi alohida nazoratga olingan bolalar bilan suhbatlashib ko‘rganmisiz? Ular ota-onalari haqida qanday fikr bildirishadi? Ota-ona va farzand munosabatlarida kelishmovchilik qayerdan boshlanadi? Nega ayrim ota-onalar bolasiga e'tiborsiz, ayrim farzandlar esa eng yaqin insonlarini ko‘p ranjitadi?
Ijodiy jamoamiz bilan Sirdaryo viloyati Baxt shahridagi respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida bo‘lib, u yerdagi o‘quvchilar bilan suhbatlashish asnosida yuqoridagi savollarga javob izlashga harakat qildik.
Ma'lumot uchun, Xalq ta'limi vazirligi huzuridagi respublika o‘g‘il bolalar o‘quv-tarbiya muassasasida 14–18 yosh oralig‘idagi 61 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Bu yerda ularga 3 yil davomida ta'lim-tarbiya beriladi.
«Onamning gapi tufayli 2 marta o‘z jonimga qasd qilishga uringanman»
Nikolay, 17 yoshda (Toshkent shahri):
— Bu yerga o‘tgan yili dekabr oyida Toshkent shahridan keldim. Bunga ota-onam bilan kelishmovchilik sabab bo‘ldi. Bu yerga kelganimdan keyin xarakterimda ko‘p o‘zgarishlar bo‘ldi. Tortinmaslikni o‘rgandim, boshqa bolalarga qo‘shilib, o‘z fikrimni bildirib, bilmagan narsamni so‘ray boshladim.
Bu jihat menga kelajakdagi kasbim uchun juda kerak. Kelajakda reklama agenti bo‘lmoqchiman. Ilgari shu sohada ishlab ko‘rganman va buni uddaladim. Bo‘yoq sotganman. Uni kichik sexda tayyorlardik. Tayyorlagan bo‘yog‘imizni sotishga ham yordamlashganman. Mendan oldin ishlab ketgan qiz haftasiga 500–600 blok bo‘yoq sotgan bo‘lsa, men 1200 blok sotganman.
Tez orada bu yerdan ketaman. Maktabdagi o‘qishim hali tugamaydi. Faqat o‘quv yilining 2-choragi tugagan bo‘ladi. O‘zim o‘qigan maktabda tahsilni davom ettirmoqchiman. Shu vaqtda biror ish topaman. Keyinchalik o‘qish xarajatlari uchun pul ishlamoqchiman.
Oilam juda havas qilarli darajada emas. Ota-onam hech qayerda ishlamaydi. Bir xonali uyda ijarada yashaymiz. Oilada to‘ng‘ichman. 4 nafar farzandmiz: ikki ukam, bir singlim va men. Sharoitimiz biroz og‘irroq. Shu sababli ham shu yerga kelib qoldim. Ishlayman, deb maktabni tashlashga to‘g‘ri kelgan. Onamga ham, o‘gay otamga ham bu yoqmasdi.
Keyin meni ichki ishlar ro‘yxatiga kiritib qo‘yishdi. Shunda ham ishga boraverdim. Ro‘yxatga kiritilganimdan keyin ular bilan janjallashib qoldim, biroz vaqt men bilan gaplashmay qo‘yishdi. Ovqat ham bermay qo‘yishdi. O‘zimni boqish uchun ishlardim, kechgacha ishlardim, ertalab maktabga borolmasdim. Ro‘yxatda turganim uchun uyga kech kelishim tartibni buzish sifatida qabul qilinardi. Shu tariqa bu yerga kelib qolganman.
O‘gay otam hech qayerda ishlamagani uchun plastik idish (baklajka) yig‘ardi. Bir o‘zi bu ishni qilolmasdi. Meni ham o‘zi bilan olib ketardi. Bu menga yoqmasdi. Chunki sinfdoshlarim va do‘stlarim meni ko‘rishardi va bundan uyalardim. Umuman olganda, menga farqi yo‘q, lekin ortimdan boshqacha gaplarni gapirishardi.
Uyga kech kelganim uchun meni doim urishardi. Bo‘sh vaqtimda sayr qilishga ruxsat bermasdi. Uyga vazifam bo‘lmasa ham qilishga majburlardi. Qilishni istamagan ishlarimni qildirardi. «Nima uchun bunday qilyapsiz? Nahotki, siz ham yosh bo‘lmagansiz?» deb savol berganman. «Men ham yosh bo‘lganman, menga ham tanbeh berishgan», deb javob berardi.
Onamning gaplari uchun 2 marta o‘zimni o‘ldirishga harakat qilganman. U: «Menga kerakmassan», derdi. Bu yerga kelganimdan so‘ng esa: «Bo‘ldi, bu yerga kelgan bo‘lsang, qamoqxona kabidir, orqaga yo‘l yo‘q», degan. Shu so‘zlarni deb jonimga qasd qilishga qaror qilganman. Biz ham odammiz. Bolalar ham inson. Biz ham qandaydir yangi hissiyotlarni his qilishni istaymiz. Farzandlarga ishonish kerak».
«Ona mehrini his qilmaganman»
Baxtiyor, 17 yoshda (Toshkent shahri):
— Asli toshkentlikman. O‘sha yerdagi mehribonlik uyidan kelganman. Bir yildan beri shu yerda o‘qib kelyapman. Musiqa, payvandlash, oshpazlikka qiziqaman. Bundan tashqari, sambo sport turi bilan shug‘ullanaman. Maktabni tamomlagach, pedagogika universitetiga hujjatlarimni topshirib ko‘raman. Kirolmasam, ish topib, oshpazlik kursida o‘qiyman. Sekin-sekin oyoqqa turib olib, singlim va ukamni ham ortimdan ergashtirib ketmoqchiman. Shu orqali oilamga yordam berishni niyat qilganman.
Asosiy soham oshpaz bo‘lishini xohlayman. 40 kilogacha osh tayyorlay olaman, Mehribonlik uyida oshpazlarimiz tayyorlaganida har doim oldilarida turib, qarashganman. Bu qiziqishga onam sababchi bo‘lgan. Onam 4-darajali oshpaz.
Oilada 5 kishimiz: onam, ukam, singlim, buvim va men. Buvim hozir nafaqada. Bizdan alohida bir xonali uyda yashaydi. Men shu maktabdaman. Ukam va singlim mehribonlik uyida.
Onam 36 yoshda. U o‘z hayoti bilan yashaydi. Biz bilan ishi yo‘q. Dadam 3 yoshligimda onam bilan ajrashgan. Onam, umuman olganda, yaxshi inson. Lekin ona mehrini ko‘rmaganman. Kichkinaligimda faqat buvim qarab yurardi. Onam bizga e'tibor ham bermasdi.
Onam o‘zini bunday tutishining sababi – buvim noto‘g‘ri tarbiya bergani. Onamning o‘zi ham aybdor. Ona farzandi bilan yaxshi munosabatda bo‘lishi kerak.
O‘zi umuman olganda, bolalarning bu yerga kelib qolgani ularning aybi emas. Ota-onasi aybdor: to‘g‘ri tarbiya bermagan, bolasiga qattiq turmagan. Bola ham qisman aybdor: o‘z vaqtida yomon ishlarni to‘xtatmagan...
«Bu yerdagi bolalarga mehr yetishmaydi»
Artur, 17 yoshda (Jizzax shahri):
— 2018 yildan beri shu muassasada o‘qiyapman. Jizzax shahridan kelganman. Oilada 5 kishimiz: dadam, onam, men, singlim va opam. Dadam avtobazada tokar bo‘lib ishlaydi. Onam esa mehmonxona ma'muri.
Bu yerga kelganimga maktabga bormaganim sabab bo‘lgan. Uyimiz yaqinida elektr jihozlari sotiladigan bozor bor edi. O‘sha yerda kechgacha ishlaganman. Shu sababli vaqtida maktabga bormaganman.
Dadamning maktabga bormasligim bilan unchalik ishi bo‘lmasdi. Faqat ishi bilan band edi. Singlim tug‘ilgandan keyin ajralib qolgandek bo‘ldim. Shuning uchun ishlay boshladim. Maktabning ham qizig‘i qolmasdi. Uydagilar shu yerda bo‘lishimni ma'qul ko‘rishadi.
Mening fikrimcha, ota-ona va farzand o‘rtasidagi kelishmovchilikning sababi – tushunmaslik. O‘rtada ishonch, o‘zaro anglash bo‘lsa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Mehr ham katta rol o‘ynaydi. Bu yerga kelgan bolalarning ko‘piga mehr yetishmaydi. Ota-onasi e'tiborsiz qoldirgan.
***
Xulosa o‘rnida, farzand tarbiyasi faqat moddiy ta'minot va nazorat qilib turish bilan emas, balki mehr-e'tibor ko‘rsatish bilan ham bo‘lishini ota-onalarga eslatib o‘tmoqchimiz. Bugun birgina maqtovingizni eshitishga mushtoq o‘g‘il-qizingizdan e'tiboringizni ayamang, ularni tushunishga, ishonch bildirishga va eng muhimi, mehr berishga harakat qiling.
Muhabbat Ma'mirova, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Asad Allanazarov.
Mavzuga oid
15:32
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlar davlat fuqarolik xizmatiga tanlovsiz qabul qilinadi
10:53 / 16.11.2024
Hayoti yoki sog‘lig‘i xavf ostida qolgan bolalar ota-onasidan olib qo‘yilishi mumkin
17:26 / 08.11.2024
“Embrionlar qarovsiz qolib ketdi” - EKU orqali farzand kutgan ayollar aldandi(mi?)
09:40 / 18.10.2024