Iqtisodiyot | 18:42 / 16.11.2020
26973
4 daqiqa o‘qiladi

Tarixdagi eng yirik erkin savdo kelishuvi 15 davlatni Xitoy atrofida birlashtirdi. AQSh bortdan tashqarida

Sharqiy Osiyo mintaqasidagi 15 davlat tarixdagi eng yirik savdo kelishuvini imzolashdi, bu kelishuv sayyorada yashovchi har uchinchi kishining daromadi o‘sishini va'da qiladi hamda Donald Trampning agressiv proteksionizmi va Covid-19 pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan vaziyatda globallashuv tarafdorlariga jahon savdosi o‘sishi hamda hamkorlik tiklanishiga umid baxsh etadi.

Foto: AFP

RCEP nomini olgan ushbu kelishuv Xitoy va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi davlatlarini (Bruney, Vetnam, Indoneziya, Kamboja, Laos, Malayziya, Myanma, Singapur, Tailand va Filippin), shuningdek, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yaponiya va Janubiy Koreyani Xitoy atrofida birlashtirdi. AQSh va Yevropa Ittifoqidan keyingi dunyodagi uchinchi yirik iqtisodiyot bo‘lgan Xitoy bungacha hech qachon bunday ko‘p tomonlama, ayniqsa ashaddiy raqib Yaponiya bilan kelishuv imzolamagandi. 

Endi esa Xitoy tarixdagi eng yirik kelishuv markazida – bunda Trampning o‘ziga xos «hissasi» bor. Gap shundaki, RCEP bo‘yicha muzokaralar olib borilgan 8 yil mobaynida uning Yaponiya, Avstraliya va Yangi Zelandiya kabi yirik ishtirokchilari parallel ravishda Tinch okeanining ikkinchi tomonidagi davlatlar, jumladan, Kanada va AQSh ishtirokida Osiyo-Tinch okeani mintaqasida erkin savdo hududi tashkil etilishini ko‘zda tutuvchi Trans-Tinch okeani sherikligi (Trans-Pacific Partnership, TPP) blokini tashkil etishgandi.

Barak Obama prezidentligi davrida, 2016 yil fevralida Tinch okeani mintaqasi davlatlari bilan transchegaraviy hamkorlik kelishuvi imzolangandi. Ammo Tramp bu g‘oyadan voz kechdi va 2017 yilda bunday hamkorlik mamlakat manfaatlariga zid ekanini aytib, Amerikani muzokaralardan olib chiqdi. Bu esa RCEP tashkil etilishini jadallashtirdi. Bu kelishuv yakshanba kuni Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari assotsiatsiyasining (ASeAN) onlayn-sammitida imzolangan va barcha ishtirokchilar kelishuvni ratifikatsiya qilgach kuchga kiradi, buning uchun yana bir necha yil ketadi.

Ushbu kelishuv Osiyodagi savdo sheriklariga bir-birining bozoriga kirish huquqini beradi, kelishuv doirasida past qiymatli savdo bojlari amal qiladi, elektron savdoning yangi qoidalari tizimlashtiriladi, tovarlar ishlab chiqarilgan davlatlarni belgilashning unifikatsiyalashgan qoidalari qo‘llangan holda yetkazmalar zanjiri mustahkamlanadi. Bu esa ayniqsa mintaqaning qashshoq mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish tezlashishini hamda yuqori turmush darajasini va'da qiladi. Blok yanada kengayishi, keyinroq uning tarkibiga Hindiston ham kirishi mumkin.

Kelishuv turli darajadagi iqtisodiyotga ega davlatlar – qashshoq Laos va badavlat Yangi Zelandiya, kommunistik Xitoy va post-imperial Yaponiyaning integratsiyalashuvi uchun birinchi qadamdir.

RCEP (Regional Comprehensive Economic Partnership, yoki Mintaqaviy keng qamrovli iqtisodiy hamkorlik) sayyoradagi boshqa yirik erkin savdo hududlari – Shimoliy Amerikadagi AQSh, Kanada va Meksika yoki ko‘hna qit'aning 27 davlati ishtirokidagi ittifoqqa yetishiga hali ancha bor.

Masalan, yangi kelishuv ishchilar huquqlariga aloqador emas, turli mamlakatlarda atrof-muhit muhofazasi va intellektual mulk huquqi himoyasiga turlicha yondashish imkonini beradi.

Bundan tashqari, u savdo siyosatining bir qismini ishtirokchi davlatlar ixtiyorida qoldiradi, ya'ni Xitoy yoki Yaponiya o‘z bozorini ma'lum bir taqiqlovchi bojlar bilan himoya qilishi va savdo erkinligini qisman cheklashi mumkin. Shuningdek, bahslarni hal qilishning umumiy mexanizmi ham ko‘zda tutilmagan.

Mavzuga oid