«Gaz muammosi bizning tumanda bo‘lishi mumkin emas» - Shayxontohur hokimi aholi bilan uchrashdi
«Hozir birorta xonadon yo‘qki, gaz yo‘q deydigan. Yoki shunaqa xonadonlar bo‘lsa, o‘rnidan tursin. Yo‘q, unaqa», – dedi Shayxontohur tumani hokimi Abduqahhor To‘xtayev sayyor qabul vaqtida.
24 noyabr kuni Toshkent shahri Shayxontohur tumani aholisi uchun 4 ta sektor rahbarlari bilan ommaviy qabul o‘tkazildi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.
Qabulda tuman hokimi Abduqahhor To‘xtayev gaz bosimining pastligi bo‘yicha murojaatga javob berdi.
«Qish mavsumi kirib keldi. Tumanimizning hamma yerida gaz bor. Faqat 5 ta mahallada gaz bosimi sal pastroq.
Gazni 2,8 kg bosimda qabul qilyapmiz. Norma bo‘yicha 3,5 kg qabul qilishimiz kerak. Imkoniyat darajasida gazni aholiga yetib borishini ta'minlayapmiz. Hozir birorta xonadon yo‘qki, gaz yo‘q deydigan. Yoki shunaqa xonadonlar bo‘lsa, o‘rnidan tursin. Yo‘q, unaqa.
Men tumanni nazoratda ushlab turibman. «Chorsu» mahallasidagi ko‘p qavatli uylarda gaz bilan muammo bo‘layotgani men uchun yangilik. U yerda bunday muammo yo‘q edi.
Nima uchun gaz yo‘q? Bizni tumandagi birorta xonadonda «gaz yo‘q» degan gapning o‘zi bo‘lmasligi kerak. Boshqa viloyatlarda, shaharlarda, tumanlarda gaz haqiqatan ham yo‘q. Lekin bizning tumanda bor. Hozirgi kunda 2,5 kg.dan 2,8 kg.gacha gaz bosimi kelyapti. Bu – hamma xonadonga kirdi, degani.
Men o‘zim shu sohada mutaxassis – injyenerman. Ko‘hota mahallasida juda ko‘p xonadon buzilgani bois, u yerda gaz bosimi kamroq.
Shu kunlarda havo –13 gradusgacha sovuq bo‘ldi. Bugun tongotar vaqtda –9 gradusga tushdi. Ertaga –6, indinga –2 daraja bo‘ladi. Bu sizlarni ko‘nglingizga taskin berib, gaz bo‘ladi demoqchi emasman. Gaz bor. Gaz muammosi bizning tumanda bo‘lishi mumkin emas. Chunki men shaharda ishlagan vaqtimda tarmoqni halqa shakliga keltirganman. Bir trubaning uchi ikkinchisiga ulangan. Trubani ichida hammasida gaz bor. Lekin gaz pastligiga inonamiz. Joyiga chiqamiz, ko‘ramiz, ko‘tarib beramiz», – dedi tuman hokimi.
- 24 noyabrdan Toshkent shahrining 11 tumanida prezidentning xalq qabulxonalari tomonidan ommaviy qabullar haftaligi o‘tkazila boshlandi.
- Qabullarda hududlarning xalq qabulxonalari, to‘rtta sektor rahbarlari, hududiy boshqarma va tashkilotlar mutasaddilari ishtirokida jonli muloqotlar tashkil etiladi.
Mavzuga oid
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
15:54 / 29.10.2024
Toshkent tumanidagi qariyb 43 ming xonadonda noma’lum muddatga gaz o‘chiriladi
16:23 / 28.10.2024
Turkmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi
09:39 / 24.10.2024