17:09 / 24.11.2020
5101

O‘zbekistonda shahar hududida yashovchilarning qishloqdagilarga qaraganda oliy ta'lim olish ko‘rsatkichi 2 baravar yuqori – YUNISEF

YUNISEF «O‘zbekistonda ayollar va bolalar vaziyatining tahlili» hisobotini e'lon qildi. Hisobotda bola huquqlarini amalga oshirishga oid vaziyatni ko‘rib chiqish maqsad qilingan.

Qishloq joylaridagi bolalar maktabgacha ta'limdan bebahra qolishi mumkin

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda keyingi yillarda maktabgacha ta'lim qamrovi o‘sishiga qaramasdan, u xalqaro standartlarga nisbatan pastligicha qolmoqda va maktabgacha ta'lim qamrovini yanada kengaytirishni davom ettirish uchun O‘zbekistondan ko‘proq vaqt va sarmoyalar talab etiladi. Ayrim hududlarda kam ta'minlangan oilalardagi bolalar, nogironligi bo‘lgan bolalar, qishloq joylaridagi bolalar maktabgacha ta'lim bilan qamrab olinmay qolib ketish ehtimoliga duch kelmoqda.

Maktabgacha ta'lim xizmatlaridan bahramand bo‘lish imkoniyati eng past darajada bo‘lgan viloyatlar qatorida Qashqadaryo (31 foiz), Surxondaryo (35 foiz) va Toshkent viloyatlari (39 foiz) e'tirof etilmoqda, ayni paytda Toshkent shahrida bunday imkoniyatlar eng yuqori darajada – 87 foizni tashkil etmoqda.

“Maktabga qatnamaslik ehtimoli bor”

Kam ta'minlangan oilalar bolalari, imkoniyati cheklangan bolalar, ma'lum hududlarda yashovchi bolalar va qizlar zaif bo‘lishi va ular maktabda o‘qishni tashlab ketishi yoki maktabga qatnamasligi ehtimoli katta. 2017 yilda taxminan 142 000 nafar bola maktabga qatnamagan va ularning 60 foizini qiz bolalar tashkil qilgan bo‘lib, ana shu bolalarning aksariyati nogironligi bo‘lgan bolalar toifasiga kiradi, deb taxmin qilinmoqda.

“Maktabga qatnamaydigan bolalar ulushi mamlakatdagi o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan (3 foiz) kattaroq bo‘lgan viloyatlar qatoriga quyidagilar kiradi: Qoraqalpog‘iston Respublikasi (7,5 foiz), Sirdaryo viloyati (4,5 foiz), Samarqand viloyati (4,4 foiz), Buxoro viloyati (4,3 foiz) va Toshkent viloyati (4,2 foiz)”, – deyiladi hisobotda. 

“Kamchilikda oliy ta'lim olish imkoni bor”

YUNISEFning qayd etishicha, O‘zbekistonda yoshlarning kichik qismigina oliy ta'lim olish imkoniyatiga ega. Oliy ta'lim muassasalariga o‘qishga kirish imkoni juda kam bolalarda mavjud (o‘rta hisobda atigi 9 foiz, 2017/2018 yilda ayollar uchun – 6 foiz, erkaklar uchun – 11 foiz).

Butun mamlakat bo‘ylab 25-30 yoshdagilarning atigi 12 foizi oliy ta'lim olishga muvaffaq bo‘ldi. Oliy ta'lim olish imkoniyatiga ega bo‘lishda jiddiy tengsizliklar kuzatiladi: shahar hududida yashovchilar qishloq hududida yashovchilarga nisbatan oliy ta'lim olishda ikki baravar ko‘proq imkoniyatga ega (shaharliklar 22 foiz, qishloqdagilar 9 foiz). Kam daromadli uy xo‘jaliklarida yashovchi 25-30 yoshdagilarning atigi 3 foizi oliy ma'lumot olishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, yuqori daromadli uy xo‘jaliklarida ushbu ko‘rsatkich 23 foizni tashkil qiladi.

Shuningdek, oliy ta'limga ega bo‘lishda jiddiy gender tafovutlari mavjud: universitetlarda ta'lim olayotgan talabalarning atigi 37 foizini (103 299 nafar) ayollar tashkil qiladi.

Top