O‘zbekiston | 19:55 / 24.11.2020
6179
6 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda joriy yilda qancha yo‘l ta'mirlandi? Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasidan sohani yaxshilash bo‘yicha taklif

Foto: Qashqadaryo viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi

Qashqadaryo viloyati hududida 21617 km avtomobil yo‘llari tarmog‘i mavjud. Shundan 3427 km umumfoydalanuv va tuman-shahar hokimliklari obodonlashtirish boshqarmalari hisobida bo‘lgan 18190 km ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llari, shahar ko‘chalaridan iborat.

Joriy yilda tegishli qaror va dasturlar acosida viloyat hududidagi avtomobil yo‘llarida 583,4 km (237,9 mlrd so‘mlik) qurish, qayta qurish va ta'mirlash ishlari amalga oshirilishi belgilangan. O‘n oy davomida 474,7 km yo‘llar ta'mirlanib, 150,5 mlrd so‘mlik yo‘l ishlari amalga oshirildi.

Jumladan, investitsiya dasturi asosida viloyatdagi 8 ta obektda umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarini qurish va qayta qurish ishlarini amalga oshirish uchun 31,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratildi. O‘tgan davr mobaynida 16,9 mlrd so‘mlik yo‘l ishlari amalga oshirildi va 17 km uzunlikdagi (M39 «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘li 1173-1184 km) avtomobil yo‘lida qayta qurish ishlari yakunlandi.

Tasdiqlangan manziliy dastur asosida viloyatda umumfoydalanuv avtomobil yo‘llari bo‘yicha 4 ta obektda to‘la ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun joriy yilda 10,9 mlrd so‘m mablag‘ ajratilib, hozirgi kungacha 10,6 mlrd so‘mlik ish amalga oshirildi.

Umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarini joriy ta'mirlash va saqlash ishlari uchun 98,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. Amalda 9 oylikda 71,2 mlrd so‘mlik joriy ta'mirlash va saqlash ishlari amalga oshirildi.

Bajarilgan ishlar natijasida 168,8 km uzunlikdagi avtomobil yo‘llarining qatnov qismi yaxshilandi. Sel suvlaridan zarar ko‘rgan obektlar uchun 21,2 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, 3 ta ko‘prikda ishlar yakunlandi.

Tizimda ichki xo‘jalik yo‘llarini ta'mirlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Joriy yilda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan 182,5 km uzunlikdagi ichki xo‘jaliklararo avtomobil yo‘llarini ta'mirlash uchun 24,1 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘n oylikda ichki xo‘jalik yo‘llarida 16,249 mlrd so‘mlik ta'mirlash ishlari amalga oshirilib, 140,2 km ichki yo‘llar ta'mirlab chiqildi.

Shuningdek, inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi hisobidan viloyatdagi avtomobil yo‘llarini ta'mirlash va ko‘priklarni qayta qurish uchun 70,0 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgandi. Shundan 97,5 km umumfoydalanuv avtomobil yo‘llari va 3 dona ko‘prikni ta'mirlash uchun 20,0 mlrd so‘m ajratilib, hozirgi kunga qadar 15,5 mlrd so‘mlik ishlar qilindi. 82,5 km avtomobil yo‘li va 3 dona ko‘prik ta'mirlandi.

75,4 km ichki yo‘llar va shahar ko‘chalarini ta'mirlash va ichki xo‘jalik yo‘llarida joylashgan 7 ta 203 km uzunlikdagi ko‘priklarni qayta qurish uchun 32,4 mlrd so‘m ajratilgandi. Amalda hozirga qadar 21 mlrd so‘mlik ishlar qilindi. 53,8 km uzunlikdagi ichki yo‘llar va shahar ko‘chalari ta'mirlab chiqildi. Dasturda ko‘zda tutilgan 7 ta ko‘prikdan 4 tasida pudratchilar tomonidan 320 mln so‘mlik ta'mirlash ishlari bajarildi. Qolgan 3 ta ko‘prikda tender savdolari o‘tkazilib, pudratchilar aniqlanib, ta'mirlash ishlari boshlangan.

Avtomobil yo‘llari holatini yaxshilash, belgilangan dasturlar ijrosini o‘z vaqtida amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimi bo‘yicha ham takliflar berilgan.

Xususan, viloyat hududidan o‘tgan xalqaro ahamiyatdagi o‘zbek milliy avtomagistrali tarkibiga kiruvchi M39 «Toshkent-Termiz» avtomobil yo‘lining 50 km qismida (1265-1315 kmlari) qayta qurish ishlarini davom ettirish uchun malakali pudratchini aniqlash va yo‘l ishlari dasturiga kiritish lozim.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, 2016 yilda qayta qurish ishlari bosh pudratchilar «Bekobodyo‘lsanoat» IChK va «Angren» BPIMB tomonidan oxiriga yetkazilmasdan qolgandi. Hozirgi kunda avtomobil yo‘lini qayta qurish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, davlat ekspertiza xulosalari olingan.

Viloyat hududidagi davlat, mahalliy ahamiyatdagi tog‘ va tog‘oldi hamda cho‘l hududlaridagi umumfoydalanuv avtomobil yo‘llarining qatnov qismini ta'mirlash, o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish uchun qora qorishma bilan yo‘l qoplamasini ta'mirlash, qoplamalar yuzasiga sirtqi ishlov berish ishlarini tashkil qilish zarur.

Shunda yo‘l qoplamalari ravonligini ta'minlash va xizmat qilish muddatini uzaytirish orqali respublika budjetidan ajratilayotgan mablag‘larni iqtisod qilishga erishiladi. Bu maqsadlar uchun har yili viloyat yo‘l korxonalariga 5-6 ming tonna xom neft ajratishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq.

Qashqadaryo viloyati avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid