O‘zbekiston | 08:39 / 25.11.2020
1763
4 daqiqa o‘qiladi

Hukumat madaniyat, musiqa va san'at kollejlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi

Madaniyat, musiqa va san'at sohasida kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsad qilingan.

Vazirlar Mahkamasining “Madaniyat, musiqa va san'at kollejlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Madaniyat vazirligi tizimidagi Respublika ixtisoslashtirilgan estrada va sirk maktabi negizida Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji, O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi hamda Toshkent ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi negizida Respublika musiqa va san'at kolleji tashkil etilgan va ularning faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlab yo‘lga qo‘yiladi.

Belgilab qo‘yilishicha:

  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlarida ta'lim jarayoni boshlang‘ich professional (X-XI sinflar) hamda o‘rta professional ta'lim (XI sinfdan keyingi bir yillik ta'lim) bosqichlarida amalga oshiriladi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlarining asosiy faoliyati madaniyat, musiqa va san'at sohasidagi yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashga yo‘naltiriladi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlarida umumta'lim maktablarining 9-sinf negizida uch yil muddatda o‘quvchilarga umumta'lim fanlari bilan integratsiyalashgan o‘rta professional ta'lim dasturlari bepul amalga oshiriladi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlari o‘rta professional ta'lim dasturlarini muvaffaqiyatli tamomlagan va davlat namunasidagi diplom olgan bitiruvchilar mazkur diplom asosida oliy ta'lim muassasalarida ta'limni davom ettirish uchun hujjat topshirishlari yoki mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin;    
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlarining tayyorlov yo‘nalishlari va mutaxassisliklari hamda ular bo‘yicha qabul rejalari Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlanadi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlari yuridik shaxs maqomiga, o‘z ustaviga, davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga, shtampga va blankalarga, mustaqil balansga, boshqa zarur muhr va shtamplarga Moliya vazirligining G‘aznachiligida shaxsiy hisobvarag‘iga ega bo‘lgan davlat muassasasi hisoblanadi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlari respublika budjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
  • madaniyat, musiqa va san'at kollejlari Madaniyat vazirligiga idoraviy jihatdan bo‘ysunadi.

Toshkent shahar hokimligi Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Toshkent shahar, Olmazor tumani, Ziyo ko‘chasi 1-uyda joylashgan bino va inshootlarni belgilangan tartibda Respublika musiqa va san'at kolleji balansiga berilishini ta'minlaydi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Madaniyat vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 2021 yil va kelgusi yillarda Investitsiya dasturlari parametrlarini shakllantirishda quyidagilarni inobatga oladi:

  • 2021-2022 yillar mobaynida Respublika musiqa va san'at kolleji hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kollejining bino va inshootlarini kapital rekonstruksiya qilish, mebel jihozlari, kompyuter texnikasi va laboratoriya anjomlari, musiqa cholg‘ulari, yoritish hamda ovoz yozish uskunalari va boshqa sohaga oid texnik vositalar bilan jihozlashni amalga oshirish;
  • Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk kolleji uchun “O‘zbek davlat sirki” davlat muassasasi hududida o‘quv binolarini barpo etish;
  • Respublika musiqa va san'at kolleji hududida 400 o‘rinli zamonaviy konsert zali, sport zali va 300 o‘rinli o‘quv binosini qurish hamda jihozlash.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid