O‘zbekiston | 20:40 / 26.11.2020
5612
2 daqiqa o‘qiladi

«Toshkentdagi quvurlarning 72 foizi avariya holatida» – Issiqlik uzatish tizimidagi asosiy muammo haqida

Toshkent shahridagi dolzarb muammolardan biri issiqlik quvurlarini almashtirish masalasidir.

Ayni vaqtda Toshkent shahridagi issiqlik uzatish quvurlarining 70 foizdan ortig‘i – jami 1940 km uzunlikdagi quvurlar avariya holatida. Bu haqda «Toshissiqquvvati» DUK xodimi Ikrom Isakov Kun.uz muxbiriga bergan intervyusida ma'lum qildi. Mutasaddi aholiga issiqlik yetkazib beruvchi quvurlarni yangilash masalasiga to‘xtalgan.

«Toshkent shahrida jami 2 900 kilometr quvur bor. Undan 72 foizi, ya'ni 1940 kilometrlik qismining muddati o‘tgan. Muddati o‘tdi deb 17 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgan quvurlarga aytiladi. Ularni almashtirish lozim. Chunki bundan keyingi davrda avariya xavfi katta bo‘ladi.

Hurmatli prezidentimiz shuni inobatga olib 2019 yil 2 dekabrda «Toshkent shahrining issiqlik ta'minoti tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini imzolagandi. Shu qaror asosida 2021-2022 yillarda Toshkent shahri bo‘yicha 351 kilometr quvurni almashtirishimiz kerak.

«Toshissiqquvvati» DUK xodimi Ikrom Isakov

Hozirda ishlab turgan 20, 30 yillik quvurlar ham bor. Muddati o‘tib ketishiga birinchi va asosiy sabab – moliyaviy masala. Ularni almashtirishga mablag‘ kerak. Tashkilotimiz moliyaviy jihatdan o‘zini-o‘zi ta'minlaydi. Shu paytgacha mablag‘imiz miqdoriga qarab quvurlarni almashtirganmiz. Davlat ham bir qismini moliyalashtirgan, lekin bu juda kam miqdorda bo‘lgan.

Hozirda prezident qarori bilan davlatning moliyaviy qo‘llab-quvvatlashi natijasida 2022 yilgacha quvurlarni almashtirish ishlarini olib borishni rejalashtirganmiz. Kelgusi ikki yilda 351 km quvurni yangisiga almashtirish judayam katta natija bo‘ladi. Bu 2021 yilda 150 km, 2022 yilda 201 km degani», deydi korxona vakili.

Ma'lum qilinishicha, ayni paytda «Toshissiqquvvati» DUK tomonidan poytaxtdagi 12 ming 801ta bino va inshootlarga issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda.

Mavzuga oid