Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
«Korxona to‘lovdan qochib ishchilari hujjatini arxivga topshirmasligi oqibatida pensiya va ish haqi kam chiqadi» – Pensiya jamg‘armasi xodimi
1991-2005 yillarda davlat va xususiy korxonalarda ishlagan aksariyat fuqarolar pensiya olishda muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining Toshkent shahar Chilonzor tuman bo‘lim boshlig‘i Gulnora Murodova kun.uz muxbiriga bergan intervyusida aytdi.
«Hozirgi paytda pensiya ta'minotidagi asosiy muammolardan biri shuki, aksariyat fuqarolarning ishlagan ish stajlari yoki oylik ish haqlarini topish imkoni bo‘lmayapti. Bu asosan 1991 yildan 2005 yilgacha bo‘lgan davrda davlat va xususiy korxonalarda ishlaganlar orasida kuzatilmoqda.
Tashkilot arxiv idoralariga o‘z xodimlari hujjatlarini vaqtida topshirmagani yoki umuman taqdim etmagani oqibatida pensionerlar va joylarda ishlayotgan fuqarolar ish stajlari yoki oylik ish haqlari miqdori kam chiqayotgani aniqlanyapti. Bu esa ovoragarchilik va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Korxona albatta hujjatlarni arxiv idoralariga topshirishi lozim.
Afsuski, korxonalarga xodimlar ma'lumotnomalarini arxiv idoralariga topshirish majburiyati qonunda belgilanmagan. Shu talab bo‘lganida edi, ular hujjatlarni topshirishga majbur bo‘lardi», dedi u.
Gulnora Murodovaning so‘zlariga ko‘ra, korxonalar to‘lovlardan qochgan holda hujjatlarni topshirmaydi va buning oqibatida fuqarolar ish stajlarini tasdiqlash imkoniyati bo‘lmaydi.
«Korxonaning o‘zi ham, muhri ham yo‘q. Shunday hollarda fuqarolar kerakli to‘lovlarni qilgach, hujjatlarni o‘zlari uchun arxiv idoralariga topshirishadi.
Hujjat umuman topilmagan taqdirda Vazirlar Mahkamasining 252-sonli qarori tegishli bandlariga asosan sud orqali tasdiqlatish imkoniyati bor. Buning uchun sudga o‘zi bilan birga ishlagan kamida 2 nafar guvohni olib borgan yoki arxiv idorasidan “shu hujjatlar topshirilmagan” degan ma'lumotnoma olib borilgan taqdirda sud o‘sha hujjatni ko‘rib chiqadi. Bu ham fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiliklariga sabab bo‘lmoqda», – dedi u.
Ma'lum qilinishicha, 2005 yildan hozirgi davrgacha hujjatlar topilmagan taqdirda ham fuqarolardan Xalq bankining maxsus hisobraqamiga 1 foizlik to‘lov tushib boradi. O‘sha to‘lovga qarab ham oylik ish haqlarini hisoblab chiqish imkoniyati bor. Muammo faqat 1991-2005 yillar oralig‘idagi mehnat stajlariga to‘g‘ri kelmoqda. Masalaning muhim tomoni esa ayni kunlarda o‘sha davrda ishlagan fuqarolarning ko‘pchiligi pensiya yoshiga yetib kelgan.
Mavzuga oid
13:17 / 01.07.2025
Nogironlik pensiyasini proaktiv shaklda tayinlash tartibi belgilandi
18:38 / 30.06.2025
Raqamli g‘azna tizimi joriy etiladi
12:21 / 26.06.2025
Pensiya yoshini oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan - Pensiya jamg‘armasi
14:05 / 25.06.2025