O‘zbekiston | 17:40 / 28.11.2020
4814
2 daqiqa o‘qiladi

“O‘zbekneftgaz”: Sho‘rtan gaz kimyo majmuasida “Gazprombank”ning moliyaviy ko‘magi yordamida investitsion loyiha amalga oshiriladi

“O‘zbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning Rossiya Federatsiyasiga qilgan tashrifi doirasida, yirik moliyaviy hamkor “Gazprombank” AJ rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi.

Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining ishlab chiqarish quvvatlari investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun 2019 yilda imzolangan va hozirgi kunda o‘zlashtirilishi to‘xtab qolgan 300.0 mln dollar kredit liniyasining o‘zlashtirilmay qolgan 152.0 mln dollar miqdoridagi kredit mablag‘larini shu yilning oxirigacha o‘zlashtirishga kelishib olindi.

Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 20 iyundagi PQ–2551, 2017 yil 11 maydagi PQ–2965 va 2020 yil 9 yanvardagi PQ–4563-son Qarorlari asosida amalga oshirilmoqda. 

Loyiha amalga oshirilishi natijasida “GTL” zavodidan olinadigan yiliga 430 ming tonna sintetik naftani qayta ishlash orqali polietilen ishlab chiqarish hajmi yiliga qo‘shimcha 280 ming tonnaga (434,26 mln dollar miqdorida), polipropilen hajmi yiliga qo‘shimcha 100 ming tonnaga (170,21 mln dollar miqdorida), piroliz distillyati va moy hajmlari yiliga qo‘shimcha 50 ming tonnaga (7,88 mln dollar miqdorida) oshiriladi (jami 612,35 mln dollar miqdorida). 

Loyihaning umumiy qiymati 1784.0 mln dollarni tashkil etadi va qo‘shimcha 800 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid