Jahon | 10:19 / 30.11.2020
3723
2 daqiqa o‘qiladi

Londonda boshpanasizlar 2 hafta davomida mehmonxonalarda yashashlari mumkin bo‘ladi

Londonda Rojdestvo bayramlari davomida boshpanasizlar mehmonxonalarda 2 hafta yashashlari mumkin bo‘ladi. Bu yerda ularga 3 mahallik ovqatlanish va taniqli insonlarning virtual chiqishlari taklif qilinadi. 

The Sunday Times nashrining xabar berishicha, koronavirus xavfi sababli xayriya tashkilotlari boshpanasizlarni avvalgidek umumiy yotoqxonalarga joylashtira olmaydilar. Shu sababli London Hotel Group birlashmasi boshpanasizlar uchun 4 ta arzon mehmonxonada xonalar taqdim qilishga qaror qildi.

Ta'kidlanishicha, muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslar uchun taqdim etiladigan 517 ta xona haqini xayriyachilar to‘lab berishgan. 

Mehmonxonalarda boshpanasizlar uchun 3 mahallik ovqatlanish, tibbiy yordam taqdim etiladi. Taomlar bevosita xonalarga yetkazib beriladi. Rojdestvo kechasi esa antiqa mehmonlar uchun ekranlarda Elli Golding, Imelda Stonton va Jonatan Prays kabi yulduzlar chiqishlari namoyish qilinadi.

Britaniyaning uy-joy qurilishi, jamoatlar va mahalliy o‘zini boshqarish vazirligida (MHCLG) ma'lum qilinishicha, mamlakatda 2020 yilning yanvar oyidan mart oyigacha 36 mingdan ko‘proq oila boshpanasiz hisoblangan, yana 38 mingdan ko‘proq oila 56 kun ichida uyini yo‘qotish xavfi ostida bo‘lgan.     

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid