Jahon | 17:09 / 01.12.2020
8106
2 daqiqa o‘qiladi

Pentagon: BAA Liviyadagi «Vagner» jangchilarini moliyalashtirmoqda

Birlashgan Arab Amirliklari Liviya sharqidagi qurolli nizolarda Rossiya xususiy harbiy kompaniyasi «Vagner»ning askarlarini moliyalashtirmoqda.

Bu haqda Afrikadagi antiterroristik operatsiyalarga javob beruvchi Pentagon bosh inspektorining hisobotida aytilgan.

«Foreign Policy» nashrining ma'lum qilishicha, Pentagonning ushbu hisoboti Fors ko‘rfazidagi AQSh-BAA ittifoqi munosabatlariga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Bundan tashqari, AQSh Kongressidagi demokratlar prezident Donald Tramp administratsiyasi tomonidan erishilgan shartnomani bekor qilishga urinmoqda. Shartnomada BAAga 23 milliard dollarlik F-35 qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish nazarda tutilgan.

«Vagner» norasmiy qurolli tuzilma bo‘lib, OAVlarda uning Rossiyaga tegishli ekani yoziladi. Ushbu guruh 2014 yildan beri Ukraina sharqida, so‘ng Suriyada va Afrikaning turli hududlarida jangovar harakatlarda qatnashgan. Rasmiy Kreml Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqin bo‘lgan biznesmen Yevgeniy Prigojin orqali moliyalashtiriladigan guruh bilan aloqasi borligini rad qilib keladi.

2017 yil iyun oyida «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi AQShning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan. Shundan so‘ng uning umumiy qabul qilingan ushbu nomi ma'lum ma'noda qonuniylashadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid