O‘zbekiston | 21:03 / 03.12.2020
9261
3 daqiqa o‘qiladi

«Olimpiada – maktab obro‘sini ko‘tarish vositasi bo‘lmasligi kerak» - vazir o‘rinbosari

Tuman olimpiadalarida yomon natija ko‘rsatgan bolaga yaxshi baho qo‘yib, keyingi bosqichga o‘tkazgan o‘qituvchilar shaxsi oshkor etiladi. Adolatsizlik sabab o‘rin ololmay qolgan o‘quvchilarga keyingi bosqichda qatnashish huquqi beriladi.

3 dekabr kuni Xalq ta'limi vazirligida tizimdagi korrupsiya holatlari masalasida Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirda maktab olimpiadalarini shaffoflashtirish haqida ham so‘z bordi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Olimpiada – iqtidorlarni saralaydigan mexanizm, keyin biz ana shu saralangan o‘quvchilar bilan ishlaymiz. Bolalar majburan olib borilmasligi lozim. Yangi tizimimizda har bitta maktab olimpiadada albatta qatnashib, o‘z obro‘sini ko‘tarishga harakat qilishi masalasi bo‘lmasligi kerak», – dedi vazirning birinchi o‘rinbosari Usmon Sharifxo‘jayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tuman olimpiadalarining ayrim natijalari tanlanma shaklda tahlil qilingan. Tahlil natijalariga ko‘ra, olimpiadada berilgan topshiriqlarni yaxshi bajargan, lekin balli sun'iy pasaytirib qo‘yilgan bolalarga, ular yuqori o‘rinlarni olmagan bo‘lsa ham, keyingi bosqichda qatnashish huquqi beriladi.

Shu bilan birga, balli sun'iy oshirilgan o‘quvchilarning olgan o‘rni saqlab qolinadi, ularning ism-familiyalari oshkor etilmaydi va ular ham keyingi bosqichda qatnashadi. Chunki bu ishlarda bolaning aybi bo‘lmasligi mumkin, deya izohladi Usmon Sharifxo‘jayev.

«Lekin aynan tuman olimpiadasida ataylabdan yomon ishga yaxshi ball qo‘ygan o‘qituvchilar haqida alohida ma'lumot beramiz, isboti bilan e'lon qilamiz», – dedi vazir o‘rinbosari.

Sharifxo‘jayevning qo‘shimcha qilishicha, oldinlari respublika olimpiadasi g‘olibi to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘qishga kirardi. Hozir esa bu imtiyoz yo‘q. Faqatgina xalqaro olimpiada g‘olibi moliyaviy rag‘bat oladi va OTMga imtihonsiz qabul qilinadi.

Ma'lumot uchun, ayni paytda O‘zbekistonda maktab direktorlari faoliyatiga olimpiadalarda ularning o‘quvchilari olgan o‘rinlarga qarab emas, asosan bitiruvchilarning OTMga kirish ko‘rsatkichiga qarab baho berilmoqda.

Shu bilan birga, maktab rahbariyatidan o‘quvchilarni maktab davridayoq biror kasbga o‘rgatish talabi qo‘yilmoqda.

Mavzuga oid