Jahon | 11:34 / 06.12.2020
2486
1 daqiqa o‘qiladi

Venesuelada parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi

Venesuelada 6 dekabrda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Mamlakatda ovoz berish huquqiga ega 20,7 mln kishi parlament – Milliy assambleyaning yangi tarkibiga 277 deputatni saylaydi. Bu o‘rinlar uchun 14,4 ming nomzod kurash olib boradi.

Foto: REUTERS

Shu munosabat bilan saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 7da ochilib, soat 18gacha ishlaydi. Yangi deputatlar korpusi 5 yanvardan o‘z vazifalarini bajarishga kirishadi.

Saylovlarda 5ta yirik blokka birlashgan 107ta partiya va harakatdan nomzodlar ishtirok etadi. Bu orada 25ta muxolif partiya vakillari, jumladan muxolifat yetakchisi Xuan Guaydo saylovlarni yetarlicha sharoitlar bilan ta'minlanmagani va bu bilan bog‘liq holda tovlamachiliklar bo‘lishi mumkinligi sababli boykot qilishlarini e'lon qilishgan. Buning o‘rniga ular ijtimoiy tarmoqlarda prezident Nikolas Maduroga ishonchsizlik bildirish bo‘yicha xalq referendumi o‘tkazishmoqchi.

Shuningdek, ushbu saylovlarning adolatli o‘tishiga AQSh, Yevropa ittifoqi va mintaqadagi ko‘plab davlatlar shubha bildirmoqda. Bu davlatlarda ta'kidlanishicha, Venesueladagi saylovlar halol, erkin bo‘lmaydi va mamlakatda anchadan beri davom etayotgan iqtisodiy va siyosiy inqirozga barham bermaydi.

Mavzuga oid