20:32 / 07.12.2020
4031

Samarqandda 2021 yildan boshlab iqtisodiy rivojlanishda oqsayotgan hududlar kamroq soliq to‘laydi

5 dekabr kuni Samarqandda xalq deputatlari viloyat va tuman/shahar kengashlari deputatlari ishtirokida Samarqand viloyati mahalliy budjetining kutilayotgan ijrosi hamda 2021 yilga mo‘ljallangan loyihasi muhokama qilindi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasining Kun.uz’ga xabar berishicha 2021 yilda mahalliy budjetlar daromadlari tarkibida deyarli o‘zgarish bo‘lmaydi.

Daromadlar prognozi 2 trln 657 mlrd so‘m (2020 yil kutilayotgan tushumlarga nisbatan 113 foiz) miqdorida bo‘lishi kutilmoqda. Aksiz solig‘i tushumlarini taqsimlash tartibi o‘zgarmaydi.

Shu davrga qadar bazaviy stavka viloyat markazlari, kichik shaharlar hamda tumanlar uchun alohida-alohida belgilangan bo‘lib, butun tuman uchun bir xil stavka qo‘llab kelingan.

Misol uchun, Ishtixon tumanidagi «Ishtixon» mahallasi bilan «Orlot» mahallasi amaldagi qonunchilikka binoan bir xil soliq to‘lashi kerak.

2021 yilda qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlarga muvofiq, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yerlar uchun bazaviy soliq stavkasidan kelib chiqib tuman va shaharlar kesimida ularning iqtisodiy rivojlanishiga qarab, kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentini qo‘llash vakolatlari berilmoqda.

Shu sababli, viloyat Xalq deputatlari kengashi hududning iqtisodiy rivojlanishiga qarab yer solig‘iga stavkasiga 0,5 foizdan 2 foizgacha miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash, tuman xalq deputatlari kengashi (viloyat belgilaganiga nisbatan) 0,7 foizdan 1,3 foizgacha miqdorda kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentini belgilash huquqi berilmoqda. Shu bilan soliq solishning adolatlilik tamoyili ta'minlanadi hamda hududning rivojlanishiga qarab budjetga qo‘shimcha daromad shakllanadi.

2021 yil uchun Samarqand viloyati mahalliy budjetning jami xarajatlari 3 trln 742 mlrd so‘m miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Ta'kidlanishicha, mahalliy budjet xarajatlarining 80 foizi yoki 2 trln 400 mlrd so‘mni ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar tashkil etadi.

Viloyat budjeti xarajatlarini sohalar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, ijtimoiy soha xarajatlari 2 trln 675,1 mlrd so‘m tashkil etmoqda.

Kelgusi yilda maktabgacha ta'lim sohasiga 169,9 mlrd so‘m yoki o‘tgan yilga nisbatan 117 foizga ko‘proq mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda. Birgina oziq-ovqat xarajatlari uchun 93,8 mlrd so‘m yoki 2020 yilga nisbatan 16 foizga ko‘proq mablag‘ ajratiladi.

Umumiy o‘rta ta'lim sohasi xarajatlariga 322,6 mlrd so‘m mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan.

Sog‘liqni saqlash sohasiga 1 trln 365,6 mlrd so‘m yoki 2020 yilga nisbatan 110 foizga ko‘p miqdorda mablag‘ ajratilishi ko‘zda tutilmoqda. Jumladan, birgina dori-darmon va bog‘lov vositalari uchun xarajatlar 94,1 mlrd so‘m yoki 2020 yilgi tasdiqlangan parametrlarga nisbatan 12 foizga ko‘paymoqda.

Madaniyat sohasi xarajatlari 42,5 mlrd so‘mni yoki o‘tgan yilga nisbatan 103 foiz, Sport tadbirlarini o‘tkazish uchun 59,5 mlrd so‘m yoki 2020 yilgi tasdiqlangan parametrga nisbatan 134 foizga ko‘p mablag‘ ajratiladi.

Ijtimoiy nafaqalar, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam va kompensatsiya to‘lovlari xarajatlari 706,9 mlrd so‘mni tashkil etib, bu 2020 yilgi tasdiqlangan parametrlarga solishtirganda 1,9 barobarga ko‘p demakdir.

Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi suv xo‘jaligi tashkilotlarini saqlash uchun 139,6 mlrd so‘m, shundan nasos stansiyalari tomonidan iste'mol qilinadigan elektr energiyasi xarajatlarini qoplash uchun 77,9 mlrd so‘m, nasos stansiyalarida energiya samarador nasoslar va elektrodvigatellarni sotib olish uchun 6,3 mlrd so‘m va energiya tejamkor qurilmalar sotib olish uchun 2,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Obodonlashtirish ishlariga 162,4 mlrd so‘m mablag‘ ajratilishi mumkin. Ushbu mablag‘lar 16ta obodonlashtirish tashkilotlarida ishlovchi 4 ming ishchini saqlash va hududlarni obodonlashtirish ishlariga yo‘naltiriladi.

Davlat hokimiyati va boshqaruv organlarini saqlash xarajatlariga 166,7 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilmoqda.

Top