O‘zbekiston | 08:07 / 10.12.2020
5694
2 daqiqa o‘qiladi

3500dan ziyod xonadonning bir oylik iste'moli miqdoridagi tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi

Joriy yilning 7 dekabr kuni Toshkent viloyati Ohangaron tumani, Nurobod qo‘rg‘onida joylashgan MChJga qarashli gazoblok ishlab chiqarish korxonasining tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilgan. 

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, jamiyat tomonidan noqonuniy ravishda tabiiy gazdan foydalangan holda, ohak mahsuloti ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanib kelinayotgani ma'lum bo‘lgan.

Mazkur jamiyat “Hududgaz Toshkent” MChJ tomonidan 2019 yil 2 dekabrda berilgan 0332-sonli texnik shartga ko‘ra qish mavsumida tabiiy gaz yetkazib berilishi kafolatlanmagan iste'molchilar toifasiga kiradi.

Bundan tashqari, 2020 yil 1 noyabr holatiga jamiyatning tabiiy gazdan 135 million so‘m debitor qarzdorligi mavjud bo‘lsa-da, davlat mulkini talon-toroj qilish maqsadida jami 313ta nostandart gaz yondirgichlari bilan jihozlangan 3ta xumdonda (o‘lchami 4x25 metr) ohak mahsuloti tayyorlanayotganligi aniqlangan.

“Hududgaz Toshkent” gaz ta'minoti filiali va MChJ o‘rtasida 2020 yil 1 iyul kuni tuzilgan shartnomada jamiyatda faqatgina gazobeton ishlab chiqarish uskunasi hamda maishiy gaz jihozlari (umumiy soatlik gaz iste'moli 431,84 metr kub) ko‘rsatilgan.

Shu bilan birga, gazobeton ishlab chiqarish uskunasi hamda maishiy gaz jihozlarida sarflangan gaz miqdorlari hisobini yuritish uchun o‘rnatilgan “Flougaz” rusumli hisoblagichi ham nosoz bo‘lganligi taxmin qilinmoqda. Bunga 2020 yilning 27 noyabr kunidan oldingi arxiv ma'lumotlari mavjud emasligi (saqlanmaganligi), hisobdonga tashqi ta'sir ko‘rsatilgan, deb hisoblanmoqda.

Holat aniqlangan vaqtda tarmoqdagi tabiiy gaz bosimi 2,7 kgs/sm2ni tashkil qilganligi bois, gaz ta'minoti filiali tomonidan amalga oshirilgan dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, jami 3 mlrd 189 mln 417 ming so‘m (3 189,5 ming kub metr) zarar yetkazilganligi aniqlanib, hozirgi kunda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirish uchun birlamchi hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.

Mazkur 3 189,5 ming metr kub tabiiy gaz bilan o‘rtacha 3500dan ziyod hovli uylarning bir oylik ehtiyojini qondirish imkonini beradi, deyiladi ma'lumotda. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid