Jahon | 13:11 / 10.12.2020
5448
2 daqiqa o‘qiladi

Tojikiston kuchishlatar tuzilmalari elektr energiyasidan oqilona foydalanish masalasini nazorat qiladi

Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rahbari boshchiligidagi shtab bugun ish boshlaydi.

Foto: RIA Novosti / Igor Zarembo

Tojikiston hukumatining topshirig‘iga ko‘ra mamlakatda elektr energiyasidan oqilona foydalanish va elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlarini aniqlash bo‘yicha yagona respublika shtabi tashkil etildi.

Shtab Tojikiston ichki ishlar vaziri Ramazon Rahimzoda rahbarligida Ichki ishlar vazirligi, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Energetika vazirligi, Xotin-qizlar va oila, yoshlar va sport masalalari bo‘yicha qo‘mitalari hamda «Barki tochik» shirkati vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilish doirasida tashkil etildi.

Yig‘ilishda ta'kidlanishicha, mamlakat energetika obektlarida ta'mirlash ishlari va nazorat-profilaktika tadbirlarining yakunlanishi hamda aholiga elektr energiyasi yetkazib berish jarayoni to‘liq tiklanishi munosabati bilan qishki davrda fuqarolarning elektr energiyasidan oqilona foydalanishini nazorat qilish zaruriyati yuzaga kelgan. Bu haqda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi matbuot markazi xabar bermoqda. 

Respublika hududida o‘z faoliyatini 10 dekabrdan boshlaydigan shtab har bir shahar va tumanda elektr energiyasidan oqilona foydalanish bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib boradi.

Ishchi guruhlar joylarda mamlakat aholisi uylarida, mulkchilik shaklidan qat'iy nazar korxona va tashkilotlarda elektr energiyasi qanday sarflanayotganini tekshiradi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid