19:19 / 10.12.2020
9491

Xitoyning Rossiya bilan chegarasi yaqinidagi ikkita shahrida "harbiy davr" rejimi joriy etildi

Bu shaharlarda nazorat kuchaytirilishi munosabati bilan barcha davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va korxonalarining virusga qarshi kurashdagi mas'uliyati oshirildi.

Bir nafar mahalliy fuqaroda koronavirus aniqlangani sababli Xitoyning Rossiya bilan chegaradosh Xeylunszyan provinsiyasidagi Suyfenxe va Dunnin shaharlarida "harbiy davr" rejimi joriy etildi. Bu haqda epidemiologik xavfga qarshi kurashish bo‘yicha mintaqaviy ishchi guruh ma'lum qildi.

 Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyning ushbu provinsiyasida bir necha oydan buyon mahalliy aholi orasida kasallik yuqtirish holatlari kuzatilmagan.

 Bu shaharlarda nazorat kuchaytirilishi munosabati bilan barcha davlat idoralari, jamoat tashkilotlari va korxonalarining virusga qarshi kurashdagi mas'uliyati oshirildi. Ular kasallik tarqalib ketmasligi uchun yuqori darajadagi xavfsizlik choralarini ko‘rishlari shart.

Fuqarolar xuddi urush davridagi kabi hushyor bo‘lishlari talab etiladi. Ular kutilmagan holatlar to‘g‘risida hokimiyatga xabar berishi va pandemiyaga qarshi kurashda ko‘ngilli tarzda ishtirok etishlari lozim.

Statistik ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda bemorlarning 94,2 foizi butkul sog‘aygan. 2019 yil dekabrdan buyon kasallik yuqtirganlar soni 86,6 mingdan oshgan bo‘lib, ayni paytda shifoxonalarda 486 kishi davolanmoqda.

Top