O‘zbekiston | 09:52 / 11.12.2020
3168
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent shahrida tibbiyot klasteri tashkil etiladi

Sog‘liqni saqlash tizimida yuqori texnologiyalarni qo‘llash, tibbiyot sohasida zamonaviy ilmiy ishlanmalar va ilg‘or Koreya tajribasini joriy qilish mo‘ljallangan.

Vazirlar Mahkamasining “Koreya konsorsiumining investitsiya loyihasi doirasida Toshkent shahrida tibbiyot klasterini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahrida 400 o‘rinli, kuniga 3500 ambulator tashrifga mo‘ljallangan Tibbiyot markazi, shuningdek quvvati 2400 talaba (bakalavr, magistr)ga ta'lim berishga mo‘ljallangan Koreya tibbiyot universitetining filialini o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 135,2 mln AQSh dollari bo‘lgan tibbiyot klasterini yaratish bo‘yicha ta'sischilari Uclone&SNS Korea Inc, KIND biznes guruhi, KDBank aksiyadorlik guruhi, Shinhan Bank, K-Exim Bank, Koreyaning Chung-Ang universiteti bo‘lgan Koreya konsorsiumining to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya loyihasini amalga oshirish haqidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

Belgilanishicha:

  • tibbiyot klasterini qurish va foydalanishga topshirish
  • BLT (build-lease-transfer) “qurilish – ijara – topshirish” platformasi asosida amalga oshiriladi va 25 yilga mo‘ljallanadi, shundan so‘ng loyiha o‘zbek tarafining Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshqaruviga o‘tkaziladi;
  • loyiha O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 13 noyabrdagi PQ-4520-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston hukumati va Koreya Respublikasi hukumati o‘rtasidagi bitim doirasida amalga oshiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga:

  • investorning muayyan huquqlari va majburiyatlari, investitsiyalar hajmi, investorga berilayotgan imtiyoz va preferensiyalar, shuningdek boshqa investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni nazarda tutgan holda ilovaga muvofiq dastlabki texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni hisobga olib, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va investor o‘rtasida investitsiya shartnomasini tuzish;
  • investitsiya shartnomasidan kelib chiqadigan taraflar o‘rtasidagi majburiyatlarning bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatish vazifasi yuklanadi.

Toshkent shahar hokimligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda belgilangan tartibda investitsiya loyihasini amalga oshirish doirasida Toshkent tibbiyot akademiyasi hududida tibbiyot klasteri qurish uchun maydoni 4,8 ga bo‘lgan yer uchastkasi ajratilishini ta'minlaydi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid