YPX inspektoriga tan jarohati yetkazgan fuqaroga sud hukmi o‘qildi
2020 yil 11 avgust kuni Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tgan M-39 Toshkent-Termiz avtomagistral yo‘lining 983-kilometrida, “Sayohat” choyxonasi atrofida “Vaz-21063” va “Neksiya-3” rusumli avtomashina o‘rtasida sodir etilgan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha chaqiruvga asosan xizmat vazifasini bajarish maqsadida viloyat IIB YHXB 3-safarbarlik guruhi YPX inspektori Komil Bo‘riyev hodisa joyga yetib borgan.
IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, shundan so‘ng viloyat IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyev sodir etilgan yo‘l transport hodisasi bo‘yicha holatga aniqlik kiritish maqsadida “Neksiya-3” rusumli avtomashina haydovchisidan avtomashina hujjatlarini taqdim etishini so‘raganida, ushbu avtomashina yo‘lovchisi ularning suhbatiga asossiz aralashib, IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyevga avtomashina hujjatlarni berishni rad qilgan.
Qayd etilishicha, voqea joyidan ketishga uringan vaqtda u avtomashina haydovchi o‘rindig‘iga o‘tirgan IIB YHXB xodimi K.Bo‘riyevga faol qarshilik ko‘rsatib, xizmat kiyimida bo‘lgan bodi kamerasi hamda ko‘krak nishonini tortib olib, xizmat kiyimining chap yelka pogonini yulib tashlab, tugmalarini yirtib, qo‘li bilan o‘ng quloq, o‘ng yuz yuqori qismiga va o‘ng pastki jag‘ qismiga, chap yelka o‘rta qismi, ko‘krak qafasiga urib, sog‘ligining buzilishiga olib kelmagan yengil tan jarohati yetkazgan.
Sud fuqaroga jazo tayinlashda aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, qaramog‘ida 4 nafar voyaga yetmagan farzandlari borligini, oilasida yagona boquvchiligini, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni o‘z ixtiyori bilan to‘liq qoplaganligini inobatga olib uni Jinoyat kodeksi 219-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topib, unga shu modda bilan ish haqining 10 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 1 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinladi.