O‘zbekiston | 14:42
3298
3 daqiqa o‘qiladi

Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 11 yilga qamaldi

Mahmud Xolbo‘tayev – pora olish, talon-toroj qilish, vakolatidan chetga chiqish va yer berish tartibini buzish moddalari bilan ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Zomin tuman sudining hukmiga asosan, u BHMning 150 baravari miqdorida jarima to‘lashi va 3 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlay olmasligi ham belgilandi. U bilan birga qo‘lga tushgan hokimlik bosh mutaxassisiga 7 yil berildi.

Foto: Sharof Rashidov tumani hokimligi

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev korrupsion jinoyatlarda ayblanib, 11 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Oliy sud xabariga ko‘ra, Zomin tuman sudining 25 fevral kungi hukmi bilan, Xolbo‘tayev Jinoyat kodeksining:

  • 167-moddasi (talon-toroj qilish) 2-qismi “b”, “v”, “g” bandlari,
  • 206-moddasi (vakolatidan chetga chiqish) 1-qismi,
  • 210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandi,
  • 229-4-moddasi (yer berish tartibini buzish) 2-qismi “a” bandida

nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud hukmi bilan, sobiq hokimga 3 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, BHMning 150 baravari miqdorida jarima jazosi hamda 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shuningdek, Sharof Rashidov tumani hokimligida qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis lavozimida ishlagan N. I. (erkak, 1987 yilda Jizzax viloyatida tug‘ilgan) Jinoyat kodeksining 28,210-moddasi (pora olish) 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

N.I.ga 2 yil hokimiyat va davlat boshqaruv organlarida mansabdorlik hamda moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda, 7 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Sudlanuvchilar tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini umumiy tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Jizzax viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya/kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, sobiq hokim Mahmud Xolbo‘tayev 2025 yil iyul oyida 10 ming dollar pora olayotganda ushlangandi. U bilan birga hokimlik xodimi ham qo‘lga olingandi.

Xolbo‘tayev Sharof Rashidov tumanini 2019 yil 26 oktyabridan buyon boshqarib kelayotgandi. U muqaddam Mirzacho‘l tumani hokimi va Jizzax viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Комрон Чегабоев
Tayyorlagan Комрон Чегабоев

Mavzuga oid