Jahon | 21:46 / 12.12.2020
2191
2 daqiqa o‘qiladi

Amazon, Facebook va Google asoschilarining boyligi bir haftada 8,5 mlrd dollarga kamaydi

 Dunyoning eng boy odami Jyeff Bezosning boyligi 2,4 mlrd dollarga -182,2 mlrd dollargacha kamaygan.

Jyeff Bezos / Foto: Forbes

Jyeff Bezos, Mark Tsukerberg, Sergey Brin va Larri Peyjning boyligi bir hafta ichida 8,5 mlrd dollarga kamaydi, deb yozmoqda Forbes.

Qayd etilishicha, bunga yuqoridagi milliarderlarning aktivlari asosini tashkil etuvchi Amazon, Facebook va Google kompaniyalarining aksiyalari narxi tushgani sabab bo‘lgan.

Amazon bosh direktori va dunyoning eng boy odami Jyeff Bezosning boyligi 2,4 mlrd dollarga —182,2 mlrd dollargacha kamaygan. Facebook rahbari Mark Tsukerbergning boyligi 2,2 mlrd dollarga (100,5 mlrd dollargacha), Google asoschilari Larri Peyj va Sergey Brinning boyligi esa 2 mlrd va 1,9 mlrd dollarga — mos ravishda 78,2 mlrd va 76 mlrd dollargacha kamaygan.

9 dekabr kuni Federal savdo komissiyasi (FTC) Facebook kompaniyasini sudga bergani xabar qilindi.  FTC o‘z bayonotida komissiya sog‘lom raqobat tiklanishi uchun Instagram va WhatsApp sotilishiga erishmoqchi ekanligini bildirgan.

Shu kuni AQShning 48 shtati ham kompaniyani monopoliyada ayblab sudga berdi.

«Facebook qariyb o‘n yil davomida mayda raqobatchilarni sindirish, raqobatni yo‘q qilish uchun monopoliyadan foydalanib keldi va buni oddiy foydalanuvchilar hisobiga amalga oshirdi», — dedi Nyu-York bosh prokurori Letitsiya Jyeyms.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid