18:34 / 12.12.2020
34069

Qozog‘iston TIV Rossiya dumasi deputatining so‘zlari tufayli Rossiyaga nota topshirdi

Rossiya davlat dumasining ta'lim va fan bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonov Birinchi kanal efirida "Qozog‘iston hududi – Rossiyaning eng katta sovg‘asi" deb aytgan.

Vyacheslav Nikonov / Foto: duma.gov.ru

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marat Sizdikov Rossiyaning muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov bilan suhbatda Rossiya davlat dumasi deputati Vyacheslav Nikonovning OAVda aytgan so‘zlariga e'tiroz bildirdi. Bu haqda Qozog‘iston TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.

 Xabarda aytilishicha, rossiyalik diplomatga nota topshirilgan.

"Rossiya Federatsiyasining muvaqqat ishonchli vakili Aleksandr Komarov Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligiga taklif etildi. Uchrashuv davomida Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Marat Sizdikov Rossiya davlat dumasining ta'lim va fan bo‘yicha qo‘mitasi raisi Vyacheslav Nikonovning Birinchi kanal efirida "Qozog‘iston hududi – Rossiyaning eng katta sovg‘asi" degan so‘zlariga e'tiroz bildirdi”, deyiladi xabarda.

 Qayd etilishicha, rossiyalik ayrim siyosatchilarning Qozog‘istonga nisbatan ig‘vogarona so‘zlari ikki davlat o‘rtasidagi ittifoqchilik munosabatlariga putur yetkazadi.

"Qozog‘iston tashqi ishlar vazirligi bunday iddaolarga Rossiya tomonidan munosib baho berilishini kutadi va bundan buyon Rossiya Federatsiyasi davlat arboblarining bunday bayonotlar berishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Rossiyalik diplomatga Qozog‘iston TIVning nuqtai nazari bildirilgan nota topshirildi", - deyiladi mamlakat tashqi ishlar vazirligi xabarida.

Top