11:48 / 13.12.2020
4147

«O‘zbekneftgaz» MHXS asosida tuzgan hisobotiga Ernst&Young'dan ijobiy audit xulosasi oldi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019 yil 9 iyulda PQ–4388-son bilan imzolangan «Aholi va iqtisodiyotni energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash, neft-gaz tarmog‘ini moliyaviy sog‘lomlashtirish va uning boshqaruv tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi va 2020 yil 24 fevralda PQ–4611-son bilan tasdiqlangan «Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga o‘tish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorlarining ijrosini ta’minlash maqsadida «O‘zbekneftgaz» AJda xalqaro auditorlik kompaniyalarini jalb qilgan holda mustaqil tashqi audit o‘tkazilmoqda.

Shtab kvartirasi Londonda joylashgan «Ernst & Young» dunyodagi yirik auditor-konsalting kompaniyalaridan biri hisoblanadi va ushbu kompaniya «O‘zbekneftgaz» AJ 2016–2017 yillar faoliyati bo‘yicha moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot yuzasidan o‘z audit xulosasini bergandi.

«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev Moskva shahriga tashrifi vaqtida «Ernst & Young» xalqaro auditorlik kompaniyasi vakillari bilan uchrashgandi.

Uchrashuv davomida tomonlar «O‘zbekneftgaz» AJning moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MHXS) asosida tayyorlangan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari auditining borishi muhokama qilingan hamda barcha ishlar imkon qadar 2020 yil oxirigacha yakunlanishiga kelishib olingan.

Ushbu kelishuvga asosan, «O‘zbekneftgaz» AJning 2016–2019 yil uchun barcha konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlari xalqaro reyting agentligiga taqdim etilmoqda.

«Quvonarlisi, «Ernst & Young» xalqaro auditorlik kompaniyasi tomonidan «O‘zbekneftgaz» AJning MHXS asosida 2018 yil uchun tuzilgan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot (220dan ortiq korxona hisobotlari jamlangan) bo‘yicha ijobiy auditorlik xulosasini berdi.

Mazkur auditorlik xulosasini olishda va konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarining shaffofligini ta’minlashda qator ekspert hisobotlari ham talab etildi. Jumladan, jamiyatning yerosti uglevodorodlar zaxirasi jahonda mashhur «DeGoleyer & MacNaughton» konsalting kompaniyasi, asosiy vositalar va tugallanmagan qurilish obektlarining haqqoniy qiymatini baholovchi «KPMG Tax & Advisory» kompaniyasi hamda xodimlar oldidagi ijtimoiy majburiyatlarning aktur hisob-kitobi «Actuary Service» kompaniyasi tomonidan baholab berildi», deyiladi «O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati xabarida.

«O‘zbekneftgaz» AJ moliyaviy hisobotning xalqaro standartlarini joriy etish bo‘limi boshlig‘i Hamza Tuxsanovning ma’lum qilishicha, konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotlar bo‘yicha olingan ushbu audit xulosalari orqali «O‘zbekneftgaz» AJ xalqaro reyting agentliklari, moliyaviy va yuridik konsultantlar bilan hamkorlikda korporativ kredit reytingini olish, savdolar, aktivlar rentabelligi, aktivlar va majburiyatlarning aylanish darajasi hamda boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha xalqaro amaliyot asosida belgilanadigan minimal talablarni amaliyotga joriy etishni maqsad qilgan.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Mavzuga oid
Top