10:46 / 16.12.2020
4744

10 oy davomida 33 mingdan oshiq fuqarodan 179 mlrd so‘m va 11 mln dollar firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan

15 dekabr kuni AOKAda Ichki ishlar vazirligi mas'ullari ishtirokida «Jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan ishlar» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Rustam Xotamov Foto: KUN.UZ

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, tadbirda Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik Rustam Xotamov 2020 yilning 11 oyi davomida vazirlikning Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan amalga oshirgan ishlari yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, korrupsion jinoyatlar asosan ijtimoiy sohada, hokimiyat idoralarida, o‘rta va kichik biznesda hamda agrosanoat kompleksida sodir etilgan.

Xususan, 2020 yilning 11 oyi mobaynida korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan, hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyat tartibiga qarshi jinoyatlardan 748 tasi (2019 yilda 803 tasi) aniqlangan.

Korrupsiyaga va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi ushbu jinoyatlarga aloqador 126 ta guruhni qo‘lga olib, 84 nafar shaxsga nisbatan jazo tayinlagan.

Mazkur jinoyatlarning 94 (101) tasi poraxo‘rlik, 55 (63) tasi tovlamachilik, 350 (335) tasi firibgarlik, 77 (118) tasi valuta qoidasini buzish, 17 (10) tasi qalbaki pul yasash, 77 (81) tasi o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilish hamda 78 (95) tasi boshqa turdagi jinoyatlar bilan bog‘liqdir. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan taqqoslanganda 6,8 %ga kamroqdir.

Xodimlar tomonidan agrosanoat kompleksida 33 ta, sanoatda 5 ta, yoqilg‘i energetika kompleksida 14 ta, bank, moliya-kredit tizimida 28 ta, ijtimoiy sohalarda 111 ta, iste'mol bozorida 31 ta, chet el firmalari va qo‘shma korxonalarida 5 ta, o‘rta va kichik biznesda 66 ta, huquqni muhofaza etish idoralarida 4 ta, nazorat idoralarida 11 ta, hokimiyat idoralarida 46 ta hamda boshqa sohalardagi 394 ta jinoyat aniqlanib, fosh etildi.

Shuningdek, 2020 yilning 10 oyi davomida IIV Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi kurash boshqarmasi tashabbusi bilan aholi orasida eng ko‘p shov-shuvga sabab bo‘lgan ishga jo‘natish yoki avtotransport vositasini olib berishga va'da berib 33 mingdan oshiq fuqarodan 179,7 mlrd so‘m va 11,8 mln AQSh dollari firibgarlik bilan qo‘lga kiritilgan holat bo‘yicha 66 nafar shaxsga 24 ta jinoyat ishi ochilgan.

Top