O‘zbekiston | 14:00 / 16.12.2020
8055
3 daqiqa o‘qiladi

Bu yil aholiga 1,3 mlrd kubometr ko‘proq gaz yetkazib berilgan – «Hududgazta'minot» AJ raisi

Havo harorati sovishi bilan hududlarda gaz bosimi pasayishi bo‘yicha savollarga javob olish maqsadida Kun.uz muxbiri «Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov bilan suhbatda bo‘ldi.

«Hududgazta'minot» AJning markaziy dispetcherlik boshqarmasining markaziy pulti orqali mamlakatga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berish jarayonining boshqaruvi amalga oshiriladi. Birgina Toshkent shahri 4ta gaz taqsimlash stansiyasi orqali tabiiy gaz bilan ta'minlanadi. Yetkazib berilayotgan gazning sarfi, bosimi, yo‘nalishi kuzatib boriladi.

Bu yerdan suyultirilgan gazning ham to viloyat, tumanlardagi taqsimlash shoxobchasiga yetguniga qadar bo‘lgan jarayon, undan aholi iste'molchilariga yuklanish hajmini ham ko‘rish mumkin. Boshqarma kun-u tun ishlaydi va havo haroratidan kelib chiqib, ehtiyojga qarab mutaxassislar jalb etiladi. Muhandislarimiz kompyuterda har bir hududga kirayotgan gaz bosimi, sarfini ko‘rib turishadi», dedi Bahodir Eshmurodov.

«Hududgazta'minot» AJ raisi Bahodir Eshmurodov

Eshmurodovning so‘zlariga ko‘ra, joriy yil yanvar-noyabr oylarida aholi iste'moli uchun 9 mlrd 470 mln kubometr gaz yetkazib berilgan.

«Agar 2019 yil 30 noyabrda 56 mln 841 ming kubometr gaz iste'molchilarga yetkazib berilgan bo‘lsa, 2020 yilda bu hajm 69 mln 893 ming kubometrni, ya'ni o‘tgan yilga nisbatan 123 foizni tashkil etgan.

2020 yil noyabr oyida 1 mlrd 637 mln kubometr gaz yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 21 foizga ko‘p.

Shuningdek, 2019 yil yanvar-noyabr oylarida 8 mlrd 171 mln kubometr gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, joriy yil ushbu davr mobaynida bu ko‘rsatkich 9 mlrd 470 mln kubometrga yetgan. Ya'ni 1 mlrd 298 mln kubometr gaz ortig‘i bilan yetkazib berilgan», dedi jamiyat raisi.

«O‘zbekneftgaz», «O‘ztransgaz» va «Hududgazta'minot» aksionerlik jamiyatlarida bir-biri bilan o‘zaro dispetcherlik tizimi orqali tezkor ravishda bog‘lanishi yo‘lga qo‘yilgan.

«Qolgan korxonalarimizda yoki bizda biror nima kuzatiladigan bo‘lsa, tezkor ravishda bir-birimizga xabar berib shu bilan bog‘liq masalalarni tashkillashtirish masalalari yo‘lga qo‘yilgan.

Shuningdek, bizda iste'molchilar bilan ham xuddi shunday aloqa yo‘lga qo‘yilgan. Ya'ni har bir iste'molchi, agarda uzilish yoki kamayish bo‘ladigan bo‘lsa, tezkor ravishda murojaat qilish imkoniyatiga ega. Faol va befarq bo‘lmagan iste'molchilarimiz ham bor. Xuddi shunday dispetcherlik boshqarmalari barcha viloyatlarimiz va 208ta tuman-shaharlarda yo‘lga qo‘yilgan», deydi rasmiy.

Ma'lumot uchun, iste'molchilar «Hududgazta'minot» AJga o‘zlarining murojaatlarini 1104 qisqa raqami yoki, 71-200-0804 va 71-202-1104 orqali yetkazishlari mumkin. Shuningdek, «Hududgazta'minot» AJ hududiy bo‘linmalariga ham murojaat qilish mumkin.

Mavzuga oid