O‘zbekiston | 08:02 / 18.12.2020
4212
4 daqiqa o‘qiladi

Tadbirkorlarning qariyb 70 foizi korrupsion holatga ko‘p marotaba to‘qnash kelgan

Savdo-sanoat palatasi tomonidan tadbirkorlar o‘rtasida ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda tadbirkorlar korrupsiyaga ko‘proq qaysi jarayonlarda duch kelgani, tadbirkorlikning erkin rivojlanishi, biznesda barcha uchun teng imkoniyat va sharoit yaratishga to‘sqinlik qiluvchi holatlar qaysi sohalarda uchrayotgani haqida savollar berildi.

So‘rovnoma 2020 yil davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi tadbirkorlar o‘rtasida palataning rasmiy “Telegram” kanali orqali tashkil etildi.

O‘tkazilgan so‘rov davomida O‘zbekistonning barcha viloyatlaridan 1267 nafar tadbirkor ishtirok etdi. Ishtirokchilarning asosiy qismi Samarqand (20 foiz), Farg‘ona (17 foiz), Andijon (14 foiz) va Toshkent (11 foiz) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Ularning deyarli uchdan bir qismi (31 foiz) 10 yildan ortiq, 40 foizi bir yildan uch yilgacha bo‘lgan muddatda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelmoqda.

So‘rov davomida tadbirkorlardan korrupsion holatga to‘qnash kelgani yoki kelmagani so‘raldi. Respondentlarning 69 foizi korrupsion holatga ko‘p marotaba, 9 foizi bir marotaba to‘qnash kelganligini ta'kidlagan bo‘lsa, 22 foiz tadbirkorlar umuman duch kelmaganligini bildirgan.

Qaysi sohada tadbirkor ko‘proq korrupsion munosabatlarga kirishishga majbur bo‘lishi haqidagi savolga tadbirkorlarning 30 foizi yer maydoni olishda, 21 foizi kredit ajratilishida, 17 foizi tekshiruv o‘tkazilish jarayonida, 9 foizi litsenziya olishda, deb javob bergan. Shuningdek, davlat imtiyozi yoki grantlarini olishda (6 foiz), ko‘chmas mulkni sotib olish yoki ijaraga olishda (4,6 foiz), elektr yoki issiqlik tizimlariga ulanishda (3,7 foiz), bojxona ko‘rigidan o‘tishda (3 foiz), degan javoblar ham belgilangan.

Ishtirokchilarning 54 foizi oxirgi bir yil davomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish jarayonida mansabdor shaxslarga norasmiy to‘lov yoki sovg‘a qilishga majbur bo‘lganini ta'kidlagan. 46 foizi esa ushbu savolga “yo‘q”, deya javob bergan.

Qilingan sovg‘a yoki berilgan mablag‘ning miqdori so‘ralganda 38 foiz tadbirkor 1 milliondan 10 million so‘mgacha variantini tanlagan. Shu bilan birga, 19 foizi 100 ming so‘mgacha, 18 foizi 1 million so‘mgacha javoblarini tanlashgan bo‘lsa, 15 foiz tadbirkor 10 milliondan 100 million so‘mgacha, 9 foiz tadbirkor 100 million so‘mdan ortiq mablag‘ berganini bildirgan.

Respondentlarning 51 foizi o‘zi duch kelgan korrupsiya holatlari to‘g‘risida hech qaysi organga murojaat qilmagan, 11 foizi murojaat qilishdan qo‘rqadi, 7 foiz tadbirkorlarning murojaati kutilgan natijani bermagan. 19 foiz tadbirkorlar korrupsiyaga duch kelmaganini bildirmoqda. Shuningdek, respondentlarning 4 foizi korrupsiyaga duch kelganda kimga murojaat qilishni bilmaydi, 3 foizi qay tartibda murojaat qilishdan bexabar bo‘lsa, 3 foiz tadbirkorning korrupsion holat bo‘yicha murojaatiga ijobiy yechim topilgan.

Bundan tashqari tadbirkorlarga qaysi davlat organi mansabdor shaxslari faoliyatni tekshirish, o‘rganish bilan qo‘rqitish yoki masalani hal etishda korrupsion munosabatga kirishishga majbur qilgani to‘g‘risidagi savol bo‘yicha ham murojaat qilingan.

17 foiz tadbirkorlar bu savolga hokimlik, 17 foizi soliq idoralari, 13 foizi kadastr xizmati idoralari, 7 foizi sanitariya-epidemiologiya xizmati, 7 foizi banklar, 6 foizi prokuratura organlari deya javob qaytargan.

So‘rov natijalaridan so‘nggi paytlarda qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar bois tadbirkorlik sohasida ruxsat berish, litsenziyalash, soliqqa tortish, tekshiruvlarni cheklash jarayonlari anchagina soddalashtirilgan bo‘lsa-da, tadbirkorlarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini kafolatlashga mas'ul bo‘lgan davlat organlari tadbirkorlarni korrupsiya munosabatlariga kirishishga majbur qilish holatlariga batamom chek qo‘ymaganini ko‘rish mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid