Jamiyat | 10:12
1341
2 daqiqa o‘qiladi

O‘simliklar karantini agentligida milliardlab so‘mlik korrupsion sxema fosh etildi

Bosh prokuratura huzuridagi Departament tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tizimida import hujjatlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq korrupsion sxema fosh etildi. Tergov davomida milliardlab so‘mlik shubhali mablag‘ aylanmalari ham aniqlangan.

Sun’iy intellekt yaratgan surat

Ma’lum bo‘lishicha, agentlikning ayrim mas’ul xodimlari tadbirkorlik sub’yektlariga tovarlarni import qilish uchun rasmiylashtiriladigan hujjatlar bo‘yicha norasmiy “stavka”lar belgilab olgan.

Tezkor tadbir davomida fuqaro G.U. agentlikda ishlovchi tanishlari orqali Turkiyaning “Y.T.” korxonasini xorijiy eksportyorlar reyestriga kiritib berish evaziga 1 ming AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Tergovga qadar tekshiruvlarda G.U. va agentlikning bosh mutaxassisi M.G. til biriktirib, bir nechta mahsulotlarni import qilish uchun karantin ruxsatnomalarini rasmiylashtirib berish evaziga pul mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan olgani aniqlangan.

Shuningdek, G.U.ga tegishli ikki bank kartasi orqali fuqarolardan P2P shaklida 10,9 milliard so‘m mablag‘ kelib tushgani ma’lum bo‘ldi. Ushbu mablag‘ning katta qismi naqdlashtirilgan bo‘lib, bir qismi agentlik xodimlariga berilgani, qolgan qismi esa shaxsiy ehtiyojlarga sarflangani qayd etilgan.

Tahlillar davomida agentlik va uning quyi tashkilotlari hisob raqamlariga tushgan 91,7 milliard so‘mlik to‘lovlarning 14,9 milliard so‘mi 759 nafar fuqaroning plastik kartalari orqali amalga oshirilgani, ularning bir qismi agentlik xodimlari va ularning yaqin qarindoshlari ekani aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlik va pora berishga oid moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid