Jahon | 23:15 / 20.12.2020
23120
3 daqiqa o‘qiladi

Pandemiya ustidan g‘alabaga byurokrat rahbarlar emas, muhojir olimlar tufayli erishilmoqda - Botir Qobilov

«Innovatsiya kerak, lekin innovatsiya bo‘lishi uchun xilma-xillik kerak. Odamlar, fikr va g‘oyalar xilma-xilligi o‘zgacha yondashuv va progressga imkon beradi», – deydi AQShda yashayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchi.

Foto: Moderna Inc/Handout via REUTERS

AQShning Harvard universiteti tadqiqotchisi, iqtisodchi Botir Qobilov koronavirusga qarshi vaksina borasida muvaffaqiyatga erishayotgan olimlar ichida muhojirlar soni salmoqli ekaniga e'tibor qaratdi.

«Pandemiya ustidan g‘alaba hech qanday byurokrat, rahbar, boshliq yoki mutasaddi tashkilot sababli deb bo‘lmaydi. Aksincha, ularning ayrimlari xalaqit qiladi faqat.

Moderna'ning vaksinasi Vengriyada tug‘ilgan olim Katalin Kariko tomonidan yaratilgan texnologiya asosida ishlaydi. Moderna'ning ta'sischilaridan biri Livanda tug‘ilgan. Pfizer vaksinasi Germaniyadagi turk muhojirlari Ug‘ur Shaxin va Ozlem Tureci tomonidan yaratilgan va o‘sha vaksinani bozorga olib chiqishda kompaniya bosh direktori (CEO) Albert Burla katta rol o‘ynadi, u esa gretsiyalik muhojir…

O‘zingizga savol bering: o‘sha venger, grek, turk o‘z vatanlarida shu narsalarni amalga oshira olarmidi? Vaqt bilan misli ko‘rilmagan poygada g‘olib bo‘lisharmidi, ya'ni vaksinani bir yildan kam muddatda bozorga chiqarisharmidi? Albatta yo‘q», – deydi Botir Qobilov.

Uning aytishicha, AQShda biotexnologiya sohasida ishlaydiganlarning uchdan biri xorijda tug‘ilgan mehnat muxojirlariga to‘g‘ri keladi. Umuman olganda, ilm-fan, innovatsiya nafaqat AQShda, balki aksariyat rivojlangan mamlakatlarda aynan immigrantlar yordami bilan rivojlanadi.

«Innovatsiya kerak. Lekin innovatsiya bo‘lishi uchun xilma-xillik kerak. Odamlar, fikr va g‘oyalar xilma-xilligi o‘zgacha yondashuv va progressga imkon beradi.

Va eng muhimi – erkinlik kerak. Inson erkinligi, uning fikrlash erkinligi va hech qanday mayda-chuyda muammolar, tashvishlar, qog‘ozbozlik va buyruqlar bilan chalg‘itmaydigan muhit kerak», – deb yozdi Botir Qobilov o‘zining Telegram'dagi «Iqtisodchi qaydlari» (Zametki ekonomista) kanalida.

Qayd etish lozim, AQShning vakolat muddati tugab borayotgan prezidenti Donald Tramp mamlakatga muhojirlar oqimini cheklovchi bir qator qarorlar chiqargan edi. Saylangan prezident Jo Bayden inauguratsiyadan keyinoq bu qarorlarni bekor qilishini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, Pfizer (AQSh) va BioNTech (Germaniya) kompaniyalari hamkorlikda ishlab chiqqan COVID-19'ga qarshi vaksina bilan ommaviy emlash tadbirlari Buyuk Britaniya, AQSh va Isroilda boshlab yuborilgan.

Kuni kecha Moderna (AQSh) kompaniyasining vaksinasi ham AQShda xavfsiz va samarali deb topildi. Tez orada Kanada va Germaniyada ham ommaviy emlash boshlanishi kutilmoqda.

Mavzuga oid