O‘zbekiston | 14:00 / 22.12.2020
4886
4 daqiqa o‘qiladi

«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ: «Aqlli hisoblagich»lar o‘rnatish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda

Bugun yurtimizning barcha tuman va shaharlarida iste'molchilarga «Aqlli hisoblagich»lar o‘rnatilmoqda. Maqsad elektr ta'minotini yaxshilash, zamonaviy tizimga o‘tish va iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirish ishlarini samarali tashkil etishdir.

2019 yil 23 oktyabrdagi «Elektr energetikasi tarmog‘ini jadal rivojlantirish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident qarori talablari ijrosini ta'minlash yuzasidan «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ham ishlar jadallik bilan olib borilmoqda.

Viloyatda jami 674435 dona «aqlli hisoblagich» o‘rnatish rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 365573 dona hisoblagich o‘rnatildi. Ta'kidlash joiz, aholi o‘rtasida hisoblagichlarni almashtirish jarayonida uning afzallik tomonlari haqida batafsil tushuntirish berilmoqda. Xususan, hisoblagichning ishlash tartibi, foydalanilgan iste'mol holatini aniqlash bo‘yicha fuqarolar kerakli ma'lumotlarga ega bo‘lishmoqda.

Bundan tashqari, jamiyat tomonidan jurnalist va blogerlar ishtirokida matbuot anjumanlari tashkil etilib, Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE) to‘g‘risida keng jamoatchilikka tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Shuningdek, soha mutaxassislarini jalb qilgan holda ishchi-xodimlar ishtirokida ham o‘quv seminarlari o‘tkazilmoqda.

O‘rnatilayotgan hisoblagichlar avvalgilaridan tubdan farq qilib, yigirmadan ortiq funksiyani bajara oladi. Bu hisoblagichlarda ikki tomonlama, ya'ni qabul qilingan va tarmoqqa uzatilgan elektr energiyani o‘lchash imkoniyati ham mavjud. Unda yaqin kelajakda yurtimizda quyosh energetikasidan foydalanish imkoniyati mavjudligi ham inobatga olingan. Bundan tashqari, reaktiv energiya iste'molini hisobga olish va uni tahlil qilishda ham bu tizim katta ahamiyatga ega.

Shu o‘rinda o‘rnatilayotgan yangi hisoblagichlarda aniqlik darajasi ilgarigi induksion yoki birinchi avlodga mansub ayrim elektron hisoblagichlardan birmuncha yuqori. Masalan, agar induksion hisoblagichlarda aniqlik darajasi ±2,5 foizni tashkil etsa, yangilarida bu ko‘rsatkich ±1,0 foiz. Hozirgi hisoblagichlar bunday holatlarda nafaqat hisoblagichdan o‘tayotgan elektr energiyasini, balki noqonuniy tarzda foydalanilayotgan manbani ham hisobga oladi. Ushbu hisoblagichning ishlash funksiyalariga ko‘ra unga tashqaridan ta'sir o‘tkazish holati yuz berganda, hisoblagich darhol o‘chadi va tizimga xabar jo‘natadi.

Qulayligining yana bir tomoni, hisoblagichlar elektr ta'minoti korxonasi tomonidan 10 yilda bir marotaba qiyoslovdan o‘tkaziladi. Shu bilan birga aniq hisob-kitoblarning olib borilishi orqali ta'minotchi korxona va iste'molchilar o‘rtasidagi noaniq qarzdorlik masalasi o‘z yechimini topadi. Bu esa iste'molchiga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi ta'minotining barqarorligiga va xizmat sifatiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

«Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid