14:01 / 26.12.2020
6289

AKT va informatika yo‘nalishiga ixtisoslashgan maktablarga qabul boshlandi

Foto: Xalq ta'limi vazirligi

 2020-2021 o‘quv yili uchun axborot texnologiyalari va informatika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan tayanch maktablarga ilk bor iqtidorli o‘quvchilarni qabul qilish bo‘yicha kvotalar tasdiqlandi. Bu haqda Xalq ta'limi vazirligi xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, ayni vaqtda barcha tayanch maktablarda qabul komissiyalari tashkil etilgan va saralash tanlovida ishtirok etadigan talabgorlarning hujjatlari qabul qilinmoqda. Hujjatlarni elektron platforma orqali onlayn ham topshirish mumkin.

2021 yilning yanvar oyi boshida Xalq ta'limi vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat test markazi bilan birgalikda tasdiqlangan qabul kvotalari asosida respublika bo‘yicha tashkil etiladigan 12ta axborot texnologiyalari va informatika yo‘nalishidagi tayanch maktablarga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish bo‘yicha tanlovlar o‘tkaziladi.

Tayanch maktablarda tahsil olish uchun 540 nafar iqtidorli o‘quvchi 2021 yilning yanvar oyida Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan saralash test sinovlari asosida saralab olinadi.

Eng munosib hamda iqtidorli o‘quvchilar 2020-2021 yilning 2-yarim yilligidan boshlab axborot texnologiyalari va informatika yo‘nalishidagi tayanch maktablarda ta'lim olishni boshlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahri va Farg‘ona viloyatida mazkur yo‘nalishdagi maktablar tashkil etilganligi sababli ularga o‘quvchilar qabuli 2020-2021 o‘quv yili boshida o‘tkazilgan. Bugungi kunda ushbu maktablarda 120 nafar 5-sinf o‘quvchilari axborot texnologiyalari va informatika yo‘nalishida tahsil olmoqda.

Top