12:46 / 26.12.2020
13629

TDIU 2-kursga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul haqidagi e’lon bo‘yicha munosabat bildirdi

Joriy yil 24 dekabr kuni Kun.uz saytining telegramdagi sahifasida “TDIUga 2-kursga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul!” nomli reklama materiali e’lon qilingandi. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti tahririyatga mazkur e’lon matniga nisbatan rasmiy munosabat yo‘lladi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Avstriyaning Krems amaliy fanlar universiteti o‘rtasida 2018 yil 24 avgustda imzolangan shartnomaga ko‘ra, xalqaro qo‘shma ta’lim dasturi asosida “Menejment (eksportga yo‘naltirilgan)” va “Menejment (turizm va mehmonxona xo‘jaligi)” ta’lim yo‘nalishlarida bakalavrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu yo‘nalishda ta’lim olgan talabalarga ikki tomonlama bakalavr diplomi beriladi.

Krems amaliy fanlar universiteti tomonidan beriladigan bakalavr diplomi xorijiy, jumladan, Yevropa oliy ta’lim muassasalari va ish beruvchilari tomonidan tan olinadi. Bu esa o‘zbekistonlik yoshlarga Yevropa ta’lim standartlari asosida oliy ma’lumot olishga imkon beradi. Mazkur bakalavr dasturi 3 yil davom etadi.

Avstriyada oliy ta’limdan oldingi ta’lim 12 yilni tashkil etganligi sababli, jami 15 yillik ta’lim bakalavriat bosqichini 3 yil qilish orqali ta’minlanadi.

O‘zbekistonda ham mazkur 15 yilni to‘ldirish uchun qo‘shma ta’lim 3 yillik bakalavr dasturiga 12 yillik ta’lim davri talab etiladi. Hozirgi kunda mamlakatimizda mavjud 11 yillik maktab ta’limiga qo‘shimcha tarzda 1 yillik tayyorlov kursi (Foundation)ni bitirish talab etiladi. Boshqacha aytganda, akademik litsey yoki kasb hunar kollejlarini bitirgan abituriyentlardan Foundation’da o‘qish talab etilmaydi.

Universitetda faoliyat olib borayotgan xalqaro qo‘shma bakalavr ta’lim dasturiga abituriyentlarni talabalikka qabul qilish quyidagi asosiy mezonlar bo‘yicha amalga oshiriladi.

O‘zbekistonda 12 (9+3) yoki (9+2+1) yillik ta’limni yakunlaganligi to‘g‘risidagi diplom/boshqa tenglashtirilgan hujjat (ingliz tilida);

Motivatsion insho;

Ingliz tilini bilish layoqati (kamida IELTS 5,5; TOEFL (IBT) 70; yoki Cambridge Certificate Level B2) hujjati;

Pasport nusxasi va rasm.

Shu o‘rinda qayd etish lozim, ingliz tilini bilish layoqati hujjati bo‘lgan quyidagi shaxslar ushbu xalqaro qo‘shma ta’lim dasturining 2-kursidan o‘qishni davom ettirishi mumkin (Avstriya tomonidan o‘tkaziladigan suhbat-imtihon asosida):

O‘zbekiston barcha oliy ta’lim muassasalarining 1-kurs bakalavriatini muvaffaqiyatli tamomlagan barcha talabalar (har qanday ta’lim yo‘nalishi);

Oldingi o‘quv yillarida kollej yoki litseylarning bitiruvchilari;

O‘zbekistonda rasman tayyorlov kursi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va xorijiy oliy ta’lim muassasalari tomonidan tan olingan Foundation dasturi bitiruvchilari.

“TDIUga 2-kursga to‘g‘ridan to‘g‘ri qabul!” nomi ostida havolada joylashtirilgan e’lon matni “Ushbu kelishuv doirasida Buyuk Britaniya xalqaro akademik darajasi “Level 3 International Foundation Diploma for Higher Education Studies” GRBS® O‘zbekiston bitiruvchilari darhol Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining xalqaro yo‘nalishlarining ikkinchi kursiga qabul qilinadi deb keltirilgan. Ushbu jumlada keltirilgan “darhol” so‘zi universitet tomonidan imzolangan hujjatlarda nazarda tutilmagan. Shuningdek, TDIU 2020 yil 14 dekabr kuni ushbu o‘quv markazi bilan imzolagan memorandum “Strategik” ekanligi ko‘zda tutilmagan. Ushbu memorandum ikki tomonga yuridik yoki boshqa moliyaviy majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.

Shu boisdan, universitet rahbariyati o‘quv markazi tomonidan memorandumni kelishuvdan tashqari talqin qilganligi sababli bekor qilishni ko‘rib chiqadi.

Umuman olganda, yuqorida qayd etib o‘tilgan talablarga to‘g‘ri keladigan barcha o‘zbekistonlik yoshlarni 2021 yilda 2021-2022 o‘quv yillari uchun bo‘ladigan tanlovlarda ishtirok etish uchun Toshkent davlat Iqtisodiyot universitetiga murojaat qilishlarini so‘rab qolamiz. Barcha rasmiy ma’lumotlar www.tsue.uz veb saytida yoki @tsueuzofficial rasmiy telegram kanalida beriladi, deyiladi Toshkent davlat Iqtisodiyot universiteti axborot xizmatining tahririyatga yo‘llagan munosabatida.

Top