18:57 / 28.12.2020
4414

BMT: 2020 yilda Markaziy Osiyodan eksport hajmi 24 foizga kamaydi

2020 yilda koronavirus pandemiyasi tufayli Osiyo-Tinch okeani mintaqasida xalqaro savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 1,9 foizga kamaydi. Birlashgan millatlar tashkilotining Yangiliklar markazi xabariga ko‘ra, dunyoning qolgan qismida savdo bilan bog‘liq vaziyat ancha yomon.

Foto: Fotolia

BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi dastlabki hisob-kitoblariga ko‘ra, global savdo aylanmasi 2020 yilda 14,5 foizga kamaydi. Shu fonda, Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya mamlakatlarida uning 2 foizga pasayishi nisbatan kamroq ko‘rsatkich hisoblanadi.

Mintaqaning global tovarlar eksporti va importidagi ulushi 2020 yilda rekord darajaga ko‘tarilishi kutilmoqda - mos ravishda o‘tgan yilgi 39,9 foiz va 36,9 foizdan 41,8 foiz va 38,2 foizgacha.

Biroq, mintaqadagi savdo aylanmasi har bir mamlakatda sezilarli darajada farq qiladi. Xususan, eksport va import bo‘yicha savdoning keskin pasayishi Janubiy va Janubi-G‘arbiy Osiyoda kuzatildi. 

Shimoliy va Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa eksport bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkichlar qayd etildi - u neft narxining keskin pasayishi tufayli 24,4 foizga qisqardi. 

BMTning Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi ekspertlarining fikricha, noqulay makroiqtisodiy sharoitlar, yuqori ishsizlik, katta qarzlar va deflyatsiya tufayli mintaqada savdoni to‘liq tiklash istiqbollari uncha katta emas. Mintaqadagi kichik davlatlar turizmning qulashi va migrantlar pul o‘tkazmalarining pasayishi bilan bog‘liq qo‘shimcha muammolarga duch kelmoqda.

Komissiya ijrochi kotibi Armida Salsia Alisjabana COVID-19’ning falokatli ta'siri mintaqadagi millionlab odamlarni qashshoqlikka qaytarishidan xavotirda.

Ta'kidlanishicha, mintaqadagi savdo bilan bir qatorda, to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi ham kamaygan. 2020 yilning dastlabki uch choragida bu ko‘rsatkich 2019 yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, sarmoyalar oqimi 2021 yilda inqirozgacha bo‘lgan darajadan past holatda qoladi. Kelajakda ularni tiklash istiqbollari esa ko‘p jihatdan sog‘liqni saqlash sohasidagi inqiroz davomiyligi, investitsiyalarni rag‘batlantirish siyosati samaradorligi va pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga bog‘liq bo‘ladi.

1947 yilda tashkil etilgan Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya BMTning beshta mintaqaviy komissiyalaridan ham geografik ko‘lami, ham aholi soni jihatidan eng kattasi hisoblanadi. Uning a'zolari tarkibi sharqda Tinch okeanidagi Kiribati orol davlatidan g‘arbda Turkiyagacha, shimolda Rossiya va janubda Yangi Zelandiyagacha bo‘lgan hududni qamrab oladi. Komissiya tarkibiga 53 mamlakat kiradi.

Top