23:11 / 29.12.2020
7494

O‘zbekiston bo‘ylab ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazila boshlandi

Saida Mirziyoyeva muallifligidagi «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida maktab-internatlarda o‘qiyotgan 3 mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularning ko‘rish qobiliyatini imkon qadar tiklashga harakat qilinadi.

O‘zbekistonda «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasida maktab-internatlarning barcha – 3 mingdan ortiq ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash aksiyasi boshlandi.

Bu haqda loyiha muallifi, Mass-media fondi raisi o‘rinbosari Saida Mirziyoyeva 29 dekabr kuni ma'lum qildi.

«Bugundan boshlab «Ko‘ngil ko‘zi» loyihasi doirasidagi aksiyamiz amalda ish boshladi. Ushbu jarayon bilan tanishish maqsadida biz Nukusga keldik.

Biz Respublika oftalmologiya shifoxonasiga bordik. Bu yerda tibbiy ko‘rik uchun ko‘chma laboratoriya qanday ishlayotgani, operatsion va boshqa xonalarning jihozlangani, telemeditsina imkoniyatlari bilan tanishdik.

Bugunning o‘zida 14 nafar bola ko‘rikdan o‘tkazilib, ulardan 6 nafarining ko‘z nurini yaxshilash mumkinligi aniqlandi. Bir nafar bola operatsiya qilindi va ko‘rish qobiliyati 20 foizga tiklandi.

Inshaalloh, ushbu loyiha doirasida 3 ming nafardan ortiq bola orasidan tuzalish imkoni bo‘lgan har bir bolaga jiddiy qaraymiz va ularning tuzalishi uchun bor imkoniyatni ishga solamiz», – deb yozdi Mirziyoyeva Telegram-kanalida.

Eslatib o‘tamiz, Saida Mirziyoyeva ushbu aksiya haqida videomurojaat orqali e'lon qilgan edi. Aksiya Qoraqalpog‘istondan boshlanib, 3-4 oy davomida barcha hududlardagi ixtisoslashgan maktab-internatlari qamrab olinadi.

Ma'lumot uchun, «Ko‘ngil ko‘zi» xayriya aksiyasi 2019 yilning mart oyida faoliyat boshlagan. Loyihadan maqsad – ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ta'limi va rivojlanishi uchun sharoitlar yaratish; ularning jamiyatga moslashishida ko‘maklashish.

Loyiha doirasida brayl shriftida darslik nashr etish yo‘lga qo‘yildi; ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar ehtiyojlariga ixtisoslashtirilgan kompyuter markazi ochildi; maktab-internatlarning texnik bazasi rivojlantirilib, qo‘yilgan maqsadga erishish uchun bir nechta loyihalar amalga oshirildi.

Top