O‘zbekiston | 08:37 / 29.12.2020
3216
4 daqiqa o‘qiladi

Yosh mutaxassislarning xalqaro IT-sertifikatlarini olish bo‘yicha xarajatlari 50 foizgacha qoplab beriladi

Yosh mutaxassislarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimini joriy etish maqsad qilingan.

Foto: UA

Vazirlar Mahkamasining “Yosh mutaxassislarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Moliya vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda jamoatchilik vakillarining yosh mutaxassislarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimini joriy etish takliflari ma'qullanishi mumkin.

Yosh mutaxassislarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini moliyalashtirish bo‘yicha ekspert kengashi tasdiqlanadi. Ekspert kengashining ishchi organi etib Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti belgilanadi.

Quyidagilar Ekspert kengashining asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilanadi:

  • davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa budjet tashkilotlarining xalqaro IT-sertifikatga ega mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojini o‘rganish va tahlil qilish;
  • bandligi ta'minlanmagan fuqarolar orasida xalqaro IT-kurslarda o‘qish va xalqaro IT-sertifikatlarga bo‘lgan ehtiyoji yuzasidan so‘rovnomalar o‘tkazish;
  • fuqarolarni xalqaro IT-kurslarda o‘qitish va xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplashning har yillik cheklangan qiymatlarini belgilash;
  • xalqaro IT-kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan yoki (va) xalqaro IT-sertifikatlarini olgan talabgorlar xarajatlarini 50 foizgacha qoplash yuzasidan qaror qabul qilish.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida yosh mutaxassislarni o‘qitish va ularning xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus hisob raqam ochiladi.

Maxsus hisob raqamning yillik daromad manbalari:

  • 50 foizi – Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari;
  • 50 foizi – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda soha korxonalari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiya rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, Standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi 2021 yil 30 aprelga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Toshkent shahridagi Amiti universiteti hamda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi uchun kadrlar tayyorlaydigan ta'lim muassasalarida xalqaro IT-sertifikat taqdim qiluvchi tegishli tashkilotlarning akkreditatsiyadan o‘tgan sertifikatlash markazlari hamda o‘quv kurslarini tashkil qilish choralarini ko‘radi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab axborot tizimi boshqaruvi, ma'lumotlar bazasi va “bulutli” platformani boshqarish, axborot xavfsizligini ta'minlash va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasining boshqa talab yuqori bo‘lgan yo‘nalishlaridagi tegishli sertifikatga ega bo‘lgan xodimlar uchun lavozim maoshining 50 foizigacha qo‘shimcha haq to‘lash tizimi joriy etiladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid