O‘zbekiston | 13:23 / 05.01.2021
13895
2 daqiqa o‘qiladi

TIV Izmirda o‘z joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik qiz haqidagi xabarni tasdiqladi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada o‘z joniga qasd qilgan o‘zbekistonlik qiz haqidagi ma'lumotni tasdiqladi. Shuningdek, yana bir O‘zbekiston fuqarosi vafoti haqida axborot berildi.

O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi O‘zbekiston fuqarosi M.B.ning 2021 yil 2 yanvar kuni Izmir muzofoti (Turkiya Respublikasi) Karshiyak tumanidagi turar joy binosining o‘ninchi qavatidan qulashi oqibatida vafot etganligi haqida OAVda tarqatilgan ma'lumotni tasdiqladi.

Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar O‘zbekiston fuqarosining o‘limi bo‘yicha tergov jarayonini boshladi.

Bosh konsulxona ma'lumotlariga ko‘ra, 2021 yil 1 yanvar kuni Istanbul shahrida 1974 yil 11 iyunda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi Sh.R yurak yetishmovchiligidan vafot etgan.

«Bosh konsulxona yuqoridagi holatlarni nazoratga olib, Turkiyaning vakolatli idoralari bilan aloqada bo‘lib turibdi. Vafot etganlarning jasadlarini O‘zbekistonga dafn etish uchun yuborishni tashkil qilishda marhumlarning yaqinlariga konsullik va huquqiy yordam ko‘rsatildi», — deyiladi Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati tarqatgan xabarida.

Eslatib o‘tamiz, o‘zbekistonlik 28 yoshli Mubinabonu B. Turkiyaning Izmir shahri Karshiyak tumani Mavishehir mahallasida joylashgan ko‘p qavatli binoning 10-qavatidan sakrab, o‘z joniga qasd qilgani haqida xabar berilgandi.

O‘tgan yilning dekabr oyida Turkiyaning Jivril shahrida O‘zbekiston fuqarosining majburan ushlab turilgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgandi. TIV ushbu masalaga oydinlik kiritib, rasmiy axborot bergan.

Avvalroq, 2020 yil 12 dekabr kuni Istanbul shahrining Chatalja tumanida yuzaga kelgan o‘zaro janjal oqibatida O‘zbekiston fuqarosi X.X. jarohat olib, vafot etgani xabar qilingandi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid