O‘zbekiston | 22:15 / 06.01.2021
3270
3 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda Pop–Namangan–Andijon temir yo‘l uchastkasi to‘liq elektrlashadi

Pop–Namangan–Andijon temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish loyihasini to‘liq amalga oshirish bo‘yicha rejalar e'lon qilindi. Ushbu loyihaga 160,1 million dollar sarmoya jalb etilishi nazarda tutilgan.

Vodiy viloyatlarini bog‘lab turuvchi Pop–Namangan–Andijon temir yo‘l uchastkasi 2021 yilda to‘liq elektrlashtiriladi. Bu haqda 2021–2023 yillarga mo‘ljallangan investitsiya dasturida ma'lum qilindi.

Ushbu loyihani amalga oshirish ishlari 2017 yilda boshlangan va 2021 yilning dekabr oyigacha tugallanishi aytilmoqda. Loyiha doirasida uzunligi 145,1 km temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish rejalashtirilgan. Loyihaning umumiy qiymati 160,1 mln dollar bo‘lib, Osiyo Taraqqiyot banki tomonidan 80 million dollar xorijiy kredit jalb etilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, investitsiya dasturida Pop, Qo‘qon va Asaka tumanlarida temir yo‘l liniyasining tashqi obektlarini elektr ta'minoti bilan ta'minlashda tayanch nimstansiyasini qurish ishlari 2021 yilning IV choragiga qadar tugallanishi belgilangan.

Bundan tashqari, dasturda boshqa temir yo‘l liniyalarida ham elektrlashtirish bo‘yicha loyihalar e'lon qilindi. Xususan, umumiy uzunligi 135 km bo‘lgan Maroqand–Navoiy temir yo‘l uchastkasini elektrlashtirish ishlari 2022 yilda tugallanishi rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 49,8 mln dollar.

Umumiy uzunligi 452 km bo‘lgan Buxoro–Urganch–Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari esa 2020–2024 yillar oralig‘ida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

2020 yil 29 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida 2021 yilda 2ta tezyurar poyezd harakati yo‘lga qo‘yilishi, Buxoro–Urganch–Xiva temir yo‘lini elektrlashtirish ishlari boshlanishi haqida ma'lumot bergandi.

Ma'lumot uchun, 2020 yilning 30 avgust kuni Namangan–Andijon elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasida ilk yo‘lovchi poyezd reysi amalga oshirildi. Mazkur temir yo‘llarni to‘liq elektrlashtirish orqali yuk va yo‘lovchi tashish sifatini oshirish, tezyurar poyezdlar qatnovini shakllantirish hamda dizel yonilg‘isida harakatlanayotgan teplovozlar o‘rnini zamonaviy elektrovozlarga almashtirish maqsad qilingan.

Temir yo‘l halqasini elektrlashtirish ishlari 3 bosqichda amalga oshirilmoqda. Birinchi bosqich Pop shahridan boshlanib, Qo‘qon, Marg‘ilon, Asaka hamda Andijon hududlarigacha bo‘lgan yo‘nalishlarda amalga oshirildi. Ushbu uchastkaning uzunligi 186 kilometrni tashkil etib, 2016 yilda foydalanishga topshirilgandi.

Ikkinchi bosqich 2019 yilda, uzunligi 45 kilometr bo‘lgan Pop – Chust – To‘raqo‘rg‘on – Rauston – Namangan oralig‘ida bajarilgan. So‘nggi uchinchi bosqich esa Namangan – Andijon uchastkasini to‘liq elektrlashtirish bilan yakunlandi.

Алишер Рўзиохунов
Tayyorlagan Алишер Рўзиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid