O‘zbekiston | 17:51 / 07.01.2021
9718
8 daqiqa o‘qiladi

Chiroq o‘chgani tufayli Qarshining bir qismi 2 kun suvsiz qolib ketgan. Soha mas'ullari muammo ko‘lamini kamaytirib ko‘rsatmoqdami?

So‘nggi kunlarda ob-havo sovib ketgani ortidan kelib chiqqan elektr energiyasi va gaz ta'minotidagi uzilishlar tufayli Qarshi shahrining bir qismi qariyb uch kun davomida ichimlik suvi ta'minotisiz qolib ketgan. Soha mas'ullari esa buni inkor qilmoqda.

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qarshi shahri aholisining bir qismi 4-6 yanvar kunlarida ichimlik suvisiz qolib ketgani haqida xabarlar tarqaldi. Kun.uz shu masalada surishtiruv o‘tkazdi.

Voqealar rivoji:

2021 yil 4 yanvar. «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot xizmati o‘z tasarrufidagi Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli «Zevarda», «Janubiy Kemachi», «Janubiy O‘rtabuloq», «Dengizko‘l», «Somontepa» siquv kompressor stansiyalaridagi 14 ta gaz haydash agregatlari avariyaviy holatda to‘xtagani haqida xabar berdi.

Ta'kidlanishicha, gaz haydash agregatlaridagi avariyaviy holatga neft va gaz qazib chiqarish konlarini elektr energiya bilan ta'minlab turgan «Hududiy elektr tarmoqlari» AJga tegishli bo‘lgan «Neftchi 110/35/6 kV» podstansiyasida yuzaga kelgan nosozlik sabab bo‘lgan. Xabarda yuqoridagi konlar navbati bilan ishga tushirilayotgani ma'lum qilingan.

5 yanvar. Energetika vazirligi matbuot xizmati Markaziy Osiyo va Qozog‘istonni bog‘lovchi yagona energetik tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar sababli avariyaga qarshi avtomatika ishlagani haqida xabar berdi. Oqibatda, energetik qurilmalarga shikast yetmasligi  uchun uskunaning texnologik himoyasi avtomatik ravishda ishlagan va mamlakatimizdagi aksar elektr stansiyalardagi energobloklar o‘chirilgan.

Xususan:

  • To‘raqo‘rg‘on IESda quvvati 750 MVtdan 500 MVt gacha;
  • Taxiatosh IESda 280 MVt dan 150 MVtgacha;
  • Navoiy IESda 450 MVt dan 230 MVtgacha;
  • Toshkent IESda 370 MVt dan 180 MVtgacha quvvat kamaygan;

Shuningdek, Talimarjon IESning umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita bug‘-qozon qurilmalari ham o‘chirilgan.

Oqibatda mamlakatimizning bir qancha tumanlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritilgan. (Energetika vazirligi matbuot xizmati aynan qaysi tumanlarda elektr energiyasi ta'minotida cheklovlar o‘rnatilganini ma'lum qilmagan).

5 yanvar. «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ Talimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkita energoblokni (jami 900 MVt) to‘xtaganligi sababli Qashqadaryo viloyatining ayrim hududlarida elektr ta'minotida uzilishlar kuzatilayotgani, Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri, Kitob tumanlarida elektr ta'minoti to‘liq uzilganini ma'lum qildi.

Yuqoridagi to‘rtta tumanda chiroq to‘liq o‘chganidan so‘ng Kitob, Shahrisabz, Koson, Qarshi, Muborak tumanlarini qisman, Qarshi shahrini esa to‘liq suv bilan ta'minlaydigan Shahrisabz-Qarshi suv ishlab chiqarish bo‘limi tasarrufidagi suv haydab berish nasoslari ham to‘xtab qolgan. Oqibatda yuqoridagi tumanlarda va Qarshi shahrida suv ta'minoti muammosi kelib chiqqan.

Mazkur masala yuzasidan «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ mas'ullaridan izoh oldik. Korxona xodimi Rustam Abdunazarovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, 5-6 yanvar kunlarida Qarshi shahrini suv bilan ta'minlashda muammolar yuzaga kelgan. Ammo muammoning ko‘lami uncha katta bo‘lmagan. Shaharning bir qancha mavze va dahalarida, mitti tumanlarida suv uzatish to‘xtatilgan. Ammo bu holat uzoq davom etmagan.

«Qarshi shahrini Shahrisabz-Qarshi suv ishlab chiqarish bo‘limiga qarashli nasoslar suv bilan ta'minlaydi. 5-6 yanvar kunlari elektr ta'minotida uzilishlar bo‘lganda ana shu nasoslarning bir qismi to‘xtab qolgani bor gap. 5-6 yanvar kunlarida jami 59 ta nasosdan 30 tasi vaqti-vaqti bilan ishlamadi. Nasoslar joylashgan Shahrisabz tumanida 5 yanvar kuni 2 soat, 6 yanvar kuni 4 soat chiroq bo‘lmadi. Chiroq o‘chgan vaqtda Qarshi shahridagi suv ta'minoti uzilgan hududlarga avtomashinalarda suv yetkazib berib turdik. Bugun, 7 yanvar kuni barcha muammolar bartaraf etildi. Nasoslar to‘liq ishga tushirildi. Hozir Qarshidagi barcha iste'molchilarga suv yetkazib berilyapti», dedi Rustam Abdunazarov.

Rustam Abdunazarovdan chiroq o‘chib qolganda quvurlar ichida oqishdan to‘xtagan suv muzlab qolmaydimi deb so‘raganimizda, u quvurlar yer ostida chuqur ko‘milganini, qolaversa, nasoslar oldida hovuzlar borligini va turli sabablar bilan birga nasoslarga suv kelishi to‘xtab qolganda zaxiradagi suvlar uzatilib berilaverishini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Shahrisabz-Qarshi suv ishlab chiqarish bo‘limi Qarshi shahrini to‘liq suv bilan ta'minlaydi. Hovuzlardagi zaxira suvlar yetkazib berilgani uchun Yakkabog‘, Shahrisabz va Kitob tumanlarida chiroq o‘chganda suv ta'minoti bilan bog‘liq muammo Qarshi shahrining bir qismida yuzaga kelgan.

Shundan so‘ng, Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumani hokimligi mutasaddilari bilan bog‘lanib, so‘nggi kunlarda ushbu tumanlarda necha soat elektr ta'minoti uzib qo‘yilgani bilan qiziqdik. Ular 4-5-6 yanvar kunlarida Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumanlarida sutka davomida 10 soat atrofida chiroq bo‘lmaganini aytishdi. Kitob va Yakkabog‘ tumani hokimligi mutasaddilari holat ayanchli ko‘rinishga kelgani uchun tuman hokimlari aholiga maxsus murojaat bilan chiqishga majbur bo‘lishganini ham bildirdi.

Kitob tuman hokimligi mutasaddisi hozir muammoni bekitib o‘tirishdan quyi bo‘g‘in uchun hech bir naf yo‘qligini, shu uchun muammoni bor bo‘yicha ko‘rsataverish kerakligini bildirdi.

«So‘nggi kunlarda chiroq va gaz ta'minotida kelib chiqqan uzilishlar ortidan ko‘proq Qashqadaryo viloyatidagi Qamashi, Yakkabog‘, Shahrisabz tumani, Shahrisabz shahri, Kitob tumanlari aholisi jabr ko‘rganini barcha bilib o‘tiribdi. Buni bekitishdan hech qanday naf yo‘q. Shu uchun ham Energetika vazirligi va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ so‘nggi kunlarda elektr energiyasi ta'minotida kelib chiqqan muammolarni beryapti. Qolaversa, «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ Qashqadaryoning to‘rtta tumani va Shahrisabz shahrida chiroq to‘liq o‘chirilganini ma'lum qildi. Shunday ekan, muammoning ko‘lamini yashirishdan naf yo‘q. Aksincha, uni boricha ko‘rsataverish kerak. Ana shunda yuqori tashkilotlar tezroq e'tibor beradi», dedi u.

«Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ xodimi bizga yuz bergan muammoni kamaytirib ko‘rsatyaptimi yoki to‘g‘ri gapirdimi bilmaymiz. Ammo Shahrisabz, Kitob va Yakkabog‘ tumani hokimliklari mutasaddilarining ma'lumotlariga ko‘ra, bu tumanlarda chiroq 5 yanvar kuni 2 soat, 6 yanvar kuni 4 soat emas, 10 soatdan oshiqroq vaqtga o‘chgan. Qolaversa, yuqorida Kitob tumani hokimligi mutasaddisi aytganiday, muammoni bekitishdan yoki kamaytirib ko‘rsatishdan naf yo‘q. «Qashqadaryo suv ta'minoti» MChJ ham shuni tushunib turibdi degan yaxshi gumondamiz.

Mavzuga oid