Kongressga hujum: Politsiya namoyishchilarni haydab chiqardi, Bayden bu hodisani isyon deb atadi
Vashingtondagi Kongress binosida yuzaga kelgan tartibsizliklar bartaraf etildi. Bir necha soat oldin Donald Trampning tarafdorlari Kapitoliyga bostirib kirib, tartibsizlik uyushtirishgandi.
Avvaliga Pentagon Kongress binosidagi tartibsizlikni bostirish uchun milliy gvardiya zobitlarini jalb etmasligini ma'lum qilgandi, lekin Trampning topshirig‘idan so‘ng mingdan ortiq milliy gvardiya askarlari Kapitoliyga borib, tartibsizliklarni to‘xtatishdi.
Ba'zi nashrlar askarlarni yuborishga Tramp emas, Mayk Pens topshiriq berganini aytmoqda. Politsiya namoyishchilar yana binoga kirishga urinmasligi uchun ko‘zdan yosh chiqaruvchi gaz ishlatishga majbur bo‘lgan.
AQShning saylangan prezidenti Jo Bayden Kapitoliydagi voqealar fonida amerikaliklarga murojaat qildi va bo‘lib o‘tgan voqeani isyon deb atadi. Bayden prezident Trampdan milliy telekanal orqali namoyishchilarni to‘xtatishga chaqirishni talab qildi. Ko‘p o‘tmay Tramp tvitterdagi sahifasida videomurojaat e'lon qildi. «Sizning dardingiz, alamingizni tushunib turibman. Biz saylovlarda nohaqlikka uchradik, lekin uyga ketadigan vaqt bo‘ldi. Tinchlikni saqlang va bir-biringizni hurmat qiling», dedi Tramp murojaatida.
Tvitter Trampning bu tvitini tarqatib bo‘lmaydigan qilib qo‘ydi. Ya'ni unga layk bosib ham, o‘quvchilarga ulashib ham bo‘lmaydi. Shuningdek, tvitter namoyishlarga chiqishga undovchi har qanday postni bloklashini ma'lum qildi. Keyinroq tvitter Trampning sahifasini bloklab qo‘ydi. Tramp saylov bilan bog‘liq o‘quvchilarni chalg‘ituvchi oxirgi uchta postini o‘chirganidan 12 soat o‘tib uning sahifasi tiklanishi mumkin. Ungacha Tramp o‘z sahifasida hech nima yoza olmaydi.
Tvitter bilan bog‘liq yana bir qiziq voqea sodir bo‘ldi. Trampning qizi Ivanka o‘z sahifasida Kapitoliyga bostirib kirganlarni vatanparvarlar deb atab tvit yozdi. Lekin ko‘pchilik bu gapni yomon kutib olgach, Ivanka postini o‘chirib tashladi.
Kapitoliyga bostirib kirganlar orasida bo‘lgan qizga o‘q uzilgani tasvirlangan video tarqalgandi. NBC xabariga ko‘ra, o‘sha qiz kasalxonada vafot etgan. Yana bir namoyishchi Kapitoliy devoridan yiqilib tushib, og‘ir ahvolda kasalxonaga olib ketilgan.
AQShning sobiq prezidenti kichik Jorj Bush bo‘lib o‘tgan voqealar Amerikaga xos emasligini aytdi. «Saylov natijasi «banan respublikalarda» (siyosiy barqarorlik bo‘lmagan va qishloq xo‘jaligiga qarab qolgan Lotin Amerikasi davlatlari ramziy ma'noda shunday ataladi) shu tariqa talashiladi, Amerikada emas», dedi u.
Senator Jyeff Merklining aytishicha, senatorlar tartibsizliklar boshlangach, Baydenning saylovdagi g‘alabasini ta'minlovchi saylovchilarning byulletenlari saqlab qolingan. Merkli ularning suratini ham sahifasiga joyladi. Senatorning aytishicha, namoyishchilar byulletenlarni yoqib yuborgan bo‘lardi. Kongress yetakchilari tartibsizliklarga qaramay, kechgacha AQSh prezidentlik saylovlarida Jo Baydenning g‘alabasini e'lon qilmoqchi.
Ma'lum bo‘lishicha, begona odamlarning Kapitoliyga bostirib kirishi 1814 yildan buyon ilk marta sodir bo‘ldi. VVS'ning yozishicha, Kapitoliy yaqinida ikkita qo‘lbola portlovchi vosita topilgan va ular zararsizlantirilgan. Kapitoliy xodimlari tarixiy bino yana xavfsiz ekanini ma'lum qilishdi. Milliy gvardiya va politsiya namoyishchilarni tarqatishning uddasidan chiqqan. Vashingtonda mahalliy vaqt bilan soat 18:00dan boshlab kommendantlik soati joriy etildi.
Ko‘plab amerikalik fuqarolar va siyosatchilar bo‘lib o‘tgan voqealarda Donald Trampni ayblamoqda. Ko‘pchilikning fikricha, aynan Trampning saylov natijalari soxtalashtirilgani haqidagi tinimsiz chiqishlari uning tarafdorlari Kongress binosigacha bostirib kirishiga sabab bo‘lgan.