Iqtisodiyot | 10:40 / 10.01.2021
47405
10 daqiqa o‘qiladi

Suvdagi baliq va amaldorlar: kim qancha «suv»ni yutib yuborganini qanday aniqlash mumkin? Korrupsiya haqida mulohazalar

Korrupsiya – davlat va jamiyat rivoji uchun asos bo‘lgan ustunlarni ichdan kemiruvchi qurtga o‘xshaydi. Suvda suzayotgan baliq suvni yutib yuboryaptimi yoki yo‘qmi bilmaganimiz singari davlat amaldorlarining ham o‘z shaxsiy manfaatlari yo‘lida qancha mablag‘ni «cho‘ntakka urgani»ni bilish imkonsiz.    

Kautiliyaga «master-klass»

Ba'zi mamlakatlar garchi tabiiy resurslarga boy bo‘lishiga qaramay, yetarli darajada o‘sishga erisha olmaydi. Xo‘sh, nega? Albatta, buning turli obektiv va sub'yektiv sabablari bor. Ammo shu narsa ayonki, bunday davlatlarning aksariyati jiddiy bir muammodan – korrupsiya  balosidan aziyat chekadi.

Korrupsiya  kecha yoki bugun paydo bo‘lib qolgan illat emas. Hatto miloddan avvalgi IV asrda Hindistonda yashagan Kautiliyaning davlat boshqaruvi haqida yozilgan «Arthashastra» nomli asarida ham u haqda so‘z yuritilgan ekan. Muallif o‘z kitobida mol-mulkni o‘g‘irlashning qirq yo‘li borligini ta'kidlaydi va bu yo‘llarni birma-bir sanab o‘tadi.

Darvoqe, bu qirq usulni yaxshigina o‘zlashtirgan, ammo ozroq «uquvsizlik» qilgani yoki azbaroyi «omadi chopmagani» bois qo‘lga tushganlarning qilmishi haqidagi xabarlar hamon OAV sahifalarini «bezash»da davom etmoqda.

Uzoqqa borishning keragi yo‘q. Ortda qolgan yilda mamlakatimizning turli hududlari va tashkilotlarida sodir etilgan korrupsiyaviy holatlar bir oraga jamlangudek bo‘lsa, uzundan uzun bir ro‘yxat paydo bo‘ladiki, bu ro‘yxatning to oxiriga yetguncha ko‘z tinib ketadi...

2021 yil ham «chakki» boshlanmadi, hartugul. «Andijoncha» va «jizzaxcha» tenderlar qatoriga «navoiycha» tender ham kelib qo‘shildi. «Jizzax bilan Andijonda bo‘layotgan voqealar aslida o‘zi yangilik emas. Faqatgina jamoatchilikka endigina oshkor qilingani uchun «hayp» yaratyapti. Bu aslida, yillar davomida amalga oshirilib kelinayotgan amaliyot. Birinchi marta bo‘layotgani yo‘q, bu ikki voqea aslida «aysberg»ning uchi» qabilidagi gaplarni eshitib, bu qurg‘ur «aysberg»ning ostidagilar, demak, Kautiliyaga ham «master-klass» o‘tib qo‘yarkan-da, degan gumonga borasan kishi…

O‘tda yonmas, suvda kuymas O‘lmas Kashsheymi u?

Balanchandrudu feodalizm, kapitalizm, sotsializm va kommunizm kabi barcha tuzumlarda korrupsiya  mavjudligini va u barcha ijtimoiy sinflarga, barcha holatlarga (tinchlik yoki urush), barcha davrlarga (qadimiy, o‘rta asrlar, zamonaviy) ta'sir qilishini ta'kidlaydi.

AQShning sobiq savdo vakili Maykl Kantor qudratli odamlar va ular pul orqali ta'sir o‘tkaza oladigan insonlar bor ekan, korrupsiya mavjud bo‘lib qolishini aytadi.

Qayd etish joiz, uzoq yillar davomida korrupsiya siyosat dunyosida juda cheklangan qiziqish doirasiga ega bo‘lib keldi. Tahlilchilarning fikricha, korrupsiya tushunchasiga so‘nggi yillarda ko‘proq e'tibor qaratila boshlandi va bunga sovuq urushdan keyingi o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Mitchell Seligon ta'kidlaganiday, sovuq urushdan keyingi savdo-sotiq rivojlanishi va neo-liberal siyosat natijasida dunyo bo‘ylab misli ko‘rilmagan korrupsiya ko‘zga tashlana boshladi.

Jahon banki va XVFning 1996 yildagi yillik yig‘ilishida o‘sha paytda Jahon banki prezidenti bo‘lgan Jyeyms Vulfonson uzoq vaqt davomida moliya institutlari va rivojlanish assotsiatsiyalari tomonidan ko‘tarmay kelingan «nozik» mavzuni – korrupsiya masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Shundan so‘ng Jahon banki har yili 100ga yaqin mamlakatda o‘tkazilgan tergov ishlariga, xususan, korrupsiyaga qarshi kurash doirasidagi 600dan ortiq dasturga har yili 10 million dollar sarfladi va 50dan ortiq xodimga ega tahlil bo‘limi tashkil etdi.

Mutaxassislarning fikricha, hukumatlar har doim ham fuqarolarning manfaatlari yo‘lida harakat qilavermaydi. Korrupsiyaga botgan siyosatchilar, odatda, davlat mablag‘larini katta miqdorda noqonuniy boylik to‘plash va uni yashirish oson bo‘lgan ishlarga sarflashadi.

Korrupsiya darajasi qanday o‘lchanadi?

Barcha mamlakatlarda turli darajadagi ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy ta'sirga ega bo‘lgan korrupsiya fenomeni bilan bog‘liq bir savol mavjud: korrupsiya darajasini o‘lchash mumkinmi? Mumkin bo‘lsa qanday?

Barcha sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashni ta'minlash, bu boradagi muammolarni aniqlash va natijalarni nazorat qilish uchun ham korrupsiyani o‘lchash talab qilinadi. Korrupsiya ko‘pincha maxfiy bo‘lib qolgani uchun uni o‘lchash qiyin va u Jahon banki, CPI (Corruption Perceptions Index) kabi ba'zi tashkilotlar tomonidan ma'lum ko‘rsatkichlar orqali o‘lchab boriladi. Shu o‘rinda qayd etish joiz, O‘zbekiston CPI (Transparency Int.) korrupsiyani qabul qilish indeksida 2019 yil yakunlariga ko‘ra, 198 mamlakat orasida 153-o‘rinni egallab turibdi.  

Korrupsiya va qashshoqlikning aloqasi

Adabiyotlarda korrupsiya va qashshoqlik o‘rtasidagi munosabatni o‘rganishda ikkita model keltiriladi:

  • Iqtisodiy model
  • Boshqaruv modeli

Iqtisodiy modelga ko‘ra, korrupsiya holatlarining ortishi birinchi navbatda iqtisodiy o‘sish omillariga ta'sir qiladi, iqtisodiy o‘sishni pasaytiradi, daromad taqsimotidagi adolatsizlikni kuchaytiradi va qashshoqlikni oshiradi.

Boshqaruv modeliga ko‘ra, korrupsiya holatlarining ortishi boshqaruv omillariga ta'sir qiladi, boshqaruv salohiyatini pasaytiradi va qashshoqlikni kuchaytiradi.

Korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillar

Korrupsion xatti-harakatlarning turlari va ularni keltirib chiqaruvchi ko‘plab omillar mavjud. Shuning uchun korrupsiyani tizimli ravishda tasniflash qiyin.

Huquqshunoslar ko‘pincha korrupsiyani kamaytirish uchun o‘z mansab vakolatidan egri maqsadlar yo‘lida foydalanayotganlarni jazolash tartibini kuchaytirish kerak, degan fikrni bildirishadi. Ba'zi tadbirkorlar esa korrupsiya holatlarini davlat xizmatchilarining xususiy sektor xodimlariga nisbatan kam ish haqi olishi bilan izohlashadi.

Yuqorida aytib o‘tilgan omillardan tashqari korrupsiyaga olib keluvchi boshqa sabablar ham mavjud.

Korrupsiya, asosan, quyidagi hollarda yuzaga keladi:

  1. Davlat tomonidan tovar va xizmatlarni xarid qilish va sotishda, subsidiyalarni taqsimlashda, davlat muassasalarini xususiylashtirishda, muayyan imtiyozlarni taqdim etishda va shunga o‘xshash boshqa hollarda.
  2. Muayyan qonunlar va qoidalar. Davlat sektori va uning vakolatiga oid aniq qoidalar mavjud emasligi davlatdan foydalanish bo‘shliqlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, davlat sektoridagi mansabdor shaxslarning haddan tashqari ko‘p vakolatga ega bo‘lishi ham korrupsiya ga olib keladi.
  3. Hokimiyatni suiiste'mol qilish. Barcha hukumatlar tartibga solish, soliq yig‘ish, qonunlarni joriy etish va adolatsizlikka qarshi sanksiyalarni qo‘llash huquqiga ega. Davlat amaldorlari esa ushbu vakolatlarni suiiste'mol qilishi va fuqarolarga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishi mumkin. Hatto noto‘g‘ri xatti-harakat sodir qilmagan shaxs yoki kompaniyalar ham rasmiy operatsiyalar kechikishining oldini olish uchun poraga murojaat qilishi mumkin. Noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanadigan korxonalar esa jinoiy javobgarlikka tortilmaslik yoki imtiyozli choralar ilinjida pora berishi holatlari kuzatiladi.
  4. Aholi jon boshiga daromad kam bo‘lsa. Korrupsiya va yomon boshqaruv o‘rtasida salbiy bog‘liqlik mavjud. Kam daromad korrupsiyaning sababi va natijasi bo‘lishi mumkin.
  5. Qonunlar va me'yoriy-huquqiy hujjatlar, xususan, mulk huquqining yomon ishlashi ham korrupsiyaga olib keladi. Mulk huquqining zaifligi davlat va xususiy mulk o‘rtasidagi chegaralarni buzadi. Mulkiy daxlsizlik bilan bog‘liq noaniqliklar nafaqat ichki investitsiyalarni susaytiradi, balki chet el kapitalining oqimiga ham g‘ov bo‘ladi.
  6. Yopiq iqtisodiy va siyosiy tizimlar. Yopiq tizimlar ijtimoiy tengsizlikka moyil bo‘lib, yuqori darajadagi korrupsiyaga olib keladi.
  7. Tarixiy va madaniy omillar. Mamlakatlarning ayrim tarixiy va madaniy xususiyatlari ayrim hollarda korrupsiyani turli mamlakatlarda turlicha qabul qilinishiga olib kelishi mumkin. Masalan, sovg‘a berish ba'zi madaniyatlarda odatiy hol sifatida ko‘rilsa, ba'zi mamlakatlarda bu holat korrupsiya sifatida baholanadi.

Xulosa qilib aytganda...

  • Korrupsiya davlat xarajatlarini ko‘paytiradi;
  • Korrupsiya davlat daromadlarini kamaytiradi;
  • Korrupsiya davlat sektori samaradorligini pasaytiradi;
  • Korrupsiya davlat xarajatlari tarkibini buzadi;
  • Korrupsiya davlat infratuzilmasi sifatini pasaytiradi;
  • Korrupsiya daromadlar tengsizligini oshiradi;
  • Korrupsiya rivojlanishni sekinlashtiradi.

O‘z navbatida yaxshi boshqaruv, shu jumladan, korrupsiya darajasining pastligi iqtisodiy o‘sishga sezilarli ijobiy ta'sir qiladi. Keng qamrovli, yaxshi tashkil etilgan va hal qiluvchi siyosiy raqobat – korrupsiyaga barham berishning eng sinalgan usullaridan biri.

Zotan, ishonch – bu ijtimoiy kapitalning tarkibiy qismidir.

Otabek Tillayev

Mavzuga oid